Oʻzbekiston va Ozarbayjon IT sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni muhokama qildi

Ikki mamlakat vakillari davlat boshqaruvini raqamlashtirish, elektron xizmatlar va kiberxavfsizlik bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Muzokaralarda IT kompaniyalarining eksport salohiyatini oshirish masalasi ham muhim o‘rin tutdi.

Bokuda Oʻzbekiston va Ozarbayjon delegatsiyalarining IT bo‘yicha uchrashuvi
Matn

Oʻzbekiston va Ozarbayjon raqamli transformatsiya, IT sohasini rivojlantirish hamda kiberxavfsizlikni taʼminlash yoʻnalishlarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi. Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi maʼlumotiga koʻra, muzokaralar Bokuda oʻtkazilgan UN Governance Innovation Summit doirasida boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasiga Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Ayubxon Sultonov boshchilik qildi. Ozarbayjon tomonidan uchrashuvda Raqamli rivojlanish va transport vazirligi vakillari vazir oʻrinbosari Rashad Gasimov boshchiligida ishtirok etdi.

Tomonlar davlat boshqaruvini raqamlashtirish, elektron davlat xizmatlarini kengaytirish va startap ekotizimini shakllantirishdagi hamkorlik imkoniyatlarini koʻrib chiqdi. Ikki mamlakat IT kompaniyalarining eksport salohiyatini oshirish masalasi ham muhokama qilingan asosiy yoʻnalishlardan biri boʻldi.

Uchrashuvda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bozorini rivojlantirish, IT mutaxassislari uchun yuqori malakali ish oʻrinlari yaratish va sunʼiy intellektning soha transformatsiyasiga taʼsiri yuzasidan ham fikr almashildi. Muhim axborot infratuzilmasini himoya qilish, kiberxavfsizlik hamda axborot tizimlarini himoyalash uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish alohida muhokama qilindi. Tomonlar raqamli rivojlanish sohasidagi amaliy hamkorlikni, tajriba almashinuvini va qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishni davom ettirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.

LIVEKunning xabarlari