O‘zbekiston va Yaponiya turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, respublikaning sayyohlik salohiyatini Yaponiya bozorida targ‘ib qilish hamda sayohatchilar sonini ko‘paytirish masalalarini muhokama qildi. Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik aloqalarni mustahkamlash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv O‘zbekiston elchixonasida Yaponiya sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi (JATA) raisi, Kaze Travel Co., Ltd. prezidenti Yuji Hara bilan bo‘lib o‘tdi. Tomonlar ikki davlat turistik kompaniyalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va O‘zbekistonning turistik mahsulotlarini Yaponiyada ilgari surish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Yaponiya tomoni sayyohlarning O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, milliy madaniyati va gastronomik merosiga qiziqishini qayd etdi. Shuningdek, 2026 yil iyunida Yaponiyaning turistik kompaniyalari uchun O‘zbekistonda tashkil etilgan tanishtiruv safari ijobiy baholandi.
Uchrashuvda Tourism EXPO Japan xalqaro turizm ko‘rgazmasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Unda O‘zbekistonning milliy turistik mahsulotlarini namoyish etish va respublikaning yaponiyalik sayohatchilar uchun jozibadorligini oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni rivojlantirish ham kun tartibidan o‘rin oldi. Tomonlar bunday qatnovlarning Yaponiyadan keladigan sayyohlar oqimini ko‘paytirishdagi ahamiyatini qayd etib, turoperatorlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalari va kasbiy tajriba almashinuvini kengaytirish yuzasidan fikr almashdi.
Keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda respublikaga Yaponiyaning qariyb 32 ming fuqarosi tashrif buyurgan. 2026 yilning yanvar-sentyabr oylarida yaponiyalik sayyohlar soni 36 ming kishidan oshdi, bu 2025 yilning shu davriga nisbatan 53,3 foiz ko‘pdir. Uchrashuv yakunida tomonlar turistik aloqalarni rivojlantirish va Yaponiya jamoatchiligining O‘zbekistonga sayohat qilish imkoniyatlari haqidagi xabardorligini kengaytirishga qiziqishini tasdiqladi.





