School 21ning 550 dan ortiq tinglovchisi stajirovkaga yo‘l oldi

School 21 Toshkent va Samarqand kampuslarining 550 dan ortiq tinglovchisi stajirovkaga chiqqanini ma’lum qildi. Hozirda 251 nafar tinglovchi stajirovka o‘tamoqda.

School 21 tinglovchilarining stajirovka va karyera hisobotiga bag‘ishlangan tadbir
Matn

Raqamli texnologiyalar maktabi School 21 o‘zining karyera hisobotini ilk bor jurnalistlarga taqdim etdi. Toshkent va Samarqand kampuslaridagi 550 dan ortiq tinglovchi stajirovkaga chiqdi, ulardan 251 nafari ayni paytda stajirovka o‘tamoqda.

School 21da stajirovka bitirish uchun majburiy hisoblanadi. Bitiruvchilarga malaka oshirish yoki qayta tayyorlash bo‘yicha davlat namunasidagi diplom beriladi. Dastlabki bitiruvlar iyun oyida hamda Toshkent kampusining ikki yilligi nishonlangan 2026-yil 2-oktabrda bo‘lib o‘tdi. Asosiy ta’lim boshlanishidan stajirovkagacha o‘rtacha qariyb to‘qqiz oy o‘tadi, stajirovkaning o‘zi esa uch oy davom etadi.

Faqat Toshkentning o‘zida 169 ta tashkilot stajyorlarni qabul qildi. Ular qatorida IT kompaniyalari, banklar, fintex sektori, davlat sektori, telekommunikatsiya va geymdev yo‘nalishidagi tashkilotlar, jumladan EPAM Systems, Vention, TBC Bank, Payme, Beeline, Uzum, Click, Paynet, IT Park va Uzinfocom bor. School 21 ijrochi direktori Zarina Lukhmanova shunday dedi: “Biz tekshirish mumkin bo‘lgan raqamlar bilan javob beramiz: 550 dan ortiq tinglovchimiz allaqachon stajirovkaga chiqdi, stajirovkasiz esa bizda bitiruv bo‘lmaydi. Biz uchun ishga joylashish yakuniy nuqta emas: bitiruvchilar kasbda qanday o‘sayotganini tushunish muhim.”

Maktabda o‘qituvchilar, ma’ruzalar va baholarsiz dasturlash hamda boshqa raqamli kasblar o‘rgatiladi: ishtirokchilar loyihalar yaratadi va bir-birining kodini tekshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida amalga oshirilayotgan loyiha doirasidagi Toshkent va Samarqand kampuslari sutka davomida ochiq, ishtirokchilar uchun 15 ta ta’lim yo‘nalishi mavjud. 2026-yil 9-noyabr holatiga ko‘ra, maktabga 140 mingdan ortiq ariza kelib tushgan, 15 mingdan ortiq kishi saralash intensivlarida qatnashgan va 3 600 dan ortiq kishi asosiy ta’limni boshlagan.

Toshkent va Samarqanddagi navbatdagi saralash “basseyni” 30-noyabrda boshlanadi, arizalar 26-noyabrni ham qo‘shgan holda 21-school.uz saytida qabul qilinadi. Dasturlash tajribasi va diplomsiz 18 yoshdan, ota-onaning roziligi bilan esa 17 yoshdan o‘qishga kirish mumkin. Ta’lim barcha bosqichlarda bepul, har ikki kampusda 18 yoshdan katta ishtirokchilar uchun o‘rinlari cheklangan yotoqxonalar mavjud.

LIVEKunning xabarlari