Tojikiston Xalqaro jinoyat sudidan (XJS) chiqish niyati haqida Birlashgan Millatlar Tashkilotini rasman xabardor qildi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ma’lumotiga ko‘ra, Dushanbe yuborgan tegishli bildirishnoma 20-noyabr kuni tashkilotga kelib tushgan.
Amaldagi reglamentga muvofiq, chiqish haqidagi qaror bildirishnoma olinganidan bir yil o‘tib kuchga kiradi. Shunday qilib, Tojikistonning XJS tarkibidan chiqishi 2027-yil 20-noyabrda kuchga kirishi belgilangan.
Tojikiston XJSning Rim statutini 1998-yilda imzolagan, 2000-yilda esa ratifikatsiya qilgan. Joriy yil sentabrida respublika parlamenti quyi palatasiga xalqaro tashkilot tarkibidan chiqish to‘g‘risidagi qonun loyihasi kiritildi. Deputatlar 1-oktabr kuni tegishli qarorni ma’qulladi.
Manbadagi ma’lumotga ko‘ra, Tojikiston 2024-yilgacha MDH davlatlari orasida Xalqaro jinoyat sudiga a’zo bo‘lgan yagona mamlakat edi. XJS 2023-yil martida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order bergan. Shunga qaramay, Putin hech qanday sanksiyaga duch kelmasdan Dushanbega bir necha bor rasmiy tashrif buyurgan.
Manbada qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Rossiya, AQSh va Xitoy qatorida ayrim yirik davlatlar XJS faoliyatida ishtirok etishdan bosh tortgan. Xalqaro institut BMT tarkibiga kirmaydi va Rim statutini ratifikatsiya qilgan mamlakatlarga hisobdor deb ko‘rsatiladi. Ro‘yxatda 120 dan ortiq davlat bor; Qozog‘iston va Turkmaniston sud faoliyatida qatnashmaydi, Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston esa qo‘shilish hujjatlarini imzolagan, biroq ratifikatsiya qilmagan.





