Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel mamlakat AQSh armiyasining ehtimoliy hujumiga qarshi tayyorgarlik ko’rayotganini ma’lum qildi. U AQSh Prezidenti Donald Trampning Kubaga aralashuv ehtimoli haqidagi so’nggi bayonotlaridan keyin: “Mamlakatimizga qarshi har qanday xorijiy harbiy hujum urinishini qaytarishga qat’iymiz”, dedi.
Diaz-Kanel Kuba tinchlikparvar mamlakat ekanini va AQSh milliy xavfsizligiga hech qanday tahdid tug’dirmasligini ham ta’kidladi. U Vashingtonning Kubaga harbiy hujum haqidagi bayonotlarini Havana janubidagi Boyeros munitsipalitetida o’tkazilgan “Milliy mudofaa kuni” tadbirida Tramp nomini tilga olmasdan tanqid qildi.
Tramp radio intervyusida vakolat muddati tugashiga qolgan qariyb ikki yil ichida Kubada hokimiyat almashuviga erishishni istashini aytdi. U “Lavozimdan ketishimdan oldin Kuba masalasini yakunlamoqchiman”, degan va harbiy amaliyot ehtimoli haqida berilgan savolga: “Buni albatta ko’rib chiqishim mumkin”, deb javob qaytargan.
Yanvar oyida Venesuelaga qilingan AQSh harbiy hujumi chog’ida Prezident Nikolas Maduroning qo’lga olinib, AQShga olib ketilganidan beri Kuba bo’ylab muntazam harbiy mashg’ulotlar va mudofaa choralarini muvofiqlashtirish bo’yicha yig’ilishlar o’tkazilayotgani bildirildi. Shuningdek, harbiy xizmatchilar “Butun xalq urushi” strategiyasi doirasida fuqarolarga dastlabki harbiy tayyorgarlik berayotgani ma’lum qilindi. Kuba hukumati sentyabrda BMT Bosh Assambleyasi yig’ilishlarida harbiy aralashuv tahdidlari hamda neft qamali jumlasidan AQShning boshqa choralarini qoralagan edi.





