Xitoy texnologik kompaniyalari o‘z tizimlarini AQSh sun’iy intellekt modellari javoblari asosida o‘qitishga imkon beradigan sun’iy intellekt “distillatsiyasi” usulidan foydalanishni kengaytirmoqda. O‘rganilgan 300 dan ortiq ilmiy nashr, patent, kompaniya va davlat hujjatlariga ko‘ra, bu usul Xitoyning sun’iy intellekt sohasida keng qo‘llanadi. Alibaba, Meituan va Shanxay Jiao Tong universiteti tadqiqotchilari o‘quv ma’lumotlarini tayyorlash hamda o‘z tizimlarini takomillashtirish uchun OpenAI modellaridan foydalangani qayd etildi.
Yondashuv hisoblash xarajatlarini kamaytirishi va AQShning ilg‘or mikrosxemalar yetkazib berishiga qo‘ygan cheklovlari ta’sirini yumshatishi aytilmoqda. AQSh sun’iy intellekt modellari natijalaridan raqobatchi tizimlarni o‘qitishda ommaviy foydalanish intellektual mulk huquqlarini buzish sifatida baholanadi. Xitoy tomoni esa distillatsiyani sun’iy intellektni ishlab chiqishning keng tarqalgan usuli deb biladi. Pekin qimmat hisoblash quvvatlariga ehtiyojni oshirmasdan sanoatda sun’iy intellekt qo‘llanilishini kengaytirish uchun ixcham va kam xarajatli modellarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Buyuk Britaniyada hukumat taqdim etgan hisobot ijtimoiy nafaqalar tizimi va yoshlarni ish bilan ta’minlashni qo‘llab-quvvatlash choralarini qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutadi. 2026 yilning ikkinchi choragida 16-24 yoshdagi 981 ming kishi ishlamagan, o‘qimagan va kasbiy tayyorgarlikdan o‘tmagan. Bu mazkur yosh guruhidagi har sakkiz kishidan biriga teng. 18-24 yoshdagilar uchun ishsizlik va nogironlik nafaqalariga davlat har yili 11 milliard dollar sarflashi ko‘rsatildi.
Rejaga ko‘ra, ishlamaydigan va ta’lim olmaydigan yoshlar ulushi 2036 yilga borib 5 foizgacha kamaytiriladi. Buning uchun ijtimoiy nafaqa shartlari qayta ko‘rib chiqiladi, kasbiy ta’lim kengaytiriladi va yoshlar bandligini qo‘llab-quvvatlaydigan yangi xizmat tashkil etiladi. Ish bilan ta’minlashga sarflangan har 1 funtga 25 funt ijtimoiy to‘lov to‘g‘ri kelayotgan tafovutni har 1 funtlik bandlik va ta’lim xarajatiga 2 funt nafaqa darajasigacha qisqartirish taklif qilinmoqda. Dastlabki sarmoya 660 million dollarga baholanmoqda, choralar esa 2036 yilga qadar har yili 600 ming yoshni ish yoki ta’limga jalb etishi kutilmoqda.
Norvegiya o‘n yil davomida Marokashdan 8,78 million tonnagacha, Indoneziyadan esa 12 million tonnagacha CO₂ chiqindisi qisqarishiga teng karbon kreditlarini xarid qiladi. Ehtimoliy xaridlarning jami hajmi 20,78 million tonna CO₂ ni tashkil etadi, kelishuvlarning moliyaviy shartlari oshkor qilinmagan. Parij kelishuvining chiqindilarni qisqartirish natijalari xalqaro savdosini nazarda tutuvchi 6-moddasi doirasidagi bitimlarda to‘lov faqat chiqindilar amalda qisqartirilib, natijalar mustaqil tasdiqlangandan keyin amalga oshiriladi. Kelishuvlar Marokash va Indoneziyada qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha mablag‘ yaratishi kutilmoqda.





