2026-yil 16-noyabrdan boshlab AQShga xalqaro reyslarda uchayotgan yo‘lovchilar so‘nggi 21 kun ichida Kongo Demokratik Respublikasiga bormaganini tasdiqlashi shart bo‘ladi. Ebola virusi tarqalishining oldini olish choralari doirasidagi ushbu talab 2027-yil 16-fevralgacha amal qilishi belgilangan.
Uzbekistan Airways xabariga ko‘ra, qoidalar AQSh Transport xavfsizligi boshqarmasi (TSA) hamda Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) talablariga asoslangan. Yangi tartibga binoan, AQShga reys oldidan har bir yo‘lovchi maxsus tasdiqnoma (Attestation)ni to‘ldirishi lozim.
Hujjatda yo‘lovchi parvozdan avvalgi 21 kun davomida Kongo Demokratik Respublikasi hududida bo‘lmaganini tasdiqlaydi. Tasdiqnoma ro‘yxatdan o‘tish peshtaxtalarida, shuningdek samolyotga chiqishdan oldin tekshiriladi.
Talablar faqat AQShga bevosita borayotgan yo‘lovchilarga emas, balki AQSh hududi orqali tranzit o‘tadigan yoki AQShdan parvoz qiladiganlarga ham tatbiq etiladi. Uzbekistan Airways yo‘lovchilarga safarni rejalashtirishda yangi qoidalarni hisobga olishni va parvoz oldi tartib-taomillariga ulgurish uchun aeroportga oldindan kelishni tavsiya qildi. BMT avvalroq mamlakatdagi Ebola avj olishlari munosabati bilan xalqaro hamjamiyatni Kongo Demokratik Respublikasini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga chaqirgan edi.





