Vitamin va mineral moddalar yetishmovchiligi dunyo bo‘yicha qariyb 2 milliard kishiga ta’sir qilayotgan, ko‘pincha belgilari kech paydo bo‘ladigan sog‘liq muammosi sifatida qayd etilmoqda. “Yashirin ochlik” deb ataladigan holatda odam yetarli kaloriya olsa ham, ayrim makro va mikro oziq moddalarni zarur miqdorda olmaydi. Bunday yetishmovchiliklar uzoq muddatda kasalliklarga, hatto o‘limga olib kelishi mumkinligi bildiriladi.
Germaniya Klinik Oziqlantirish Jamiyatining (DGEM) sobiq rahbari, ichki kasalliklar shifokori Matthias Pirlichning aytishicha, D vitamini yoki B12 vitaminining jiddiy yetishmovchiligi oylar, hatto undan ham uzoq muddat hech qanday belgisiz davom etishi mumkin. Unga ko‘ra, alomatlar, masalan, asablar shikastlanganda paydo bo‘lsa, aralashuv uchun kech bo‘lishi ehtimoli bor. Uzoq davom etgan B12 yetishmovchiligi orqa miyaga zarar yetkazib, qo‘l-oyoqlarda uvishish, mushaklar kuchsizligi yoki falaj belgilarini keltirib chiqarishi mumkin.
B guruhi vitaminlari moddalar almashinuvi, qon hosil bo‘lishi va asab tizimi uchun muhimdir. Kalsiy, magniy, temir, yod va rux ham asosiy mikro oziq moddalar sirasiga kiradi. Organizm bu vitamin va minerallarni o‘zi mustaqil ishlab chiqara olmagani sababli, ularni ovqat orqali olishi zarur. Jahon oziq-ovqat tashkiloti hisobiga ko‘ra, qariyb 645 million kishi surunkali to‘yib ovqatlanmaslik holatiga duch kelmoqda. Mikro oziq moddalar yetishmovchiligi faqat daromadi past mamlakatlarda emas, sanoati rivojlangan davlatlarda ham uchraydi.
Turkiyada Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislarining 2020 yilgi hisobotida aholining 66,7 foizida D vitamini darajasi tavsiya etilgan ko‘rsatkichdan past ekani qayd etilgan. Hisobotga ko‘ra, ayollarda deyarli barcha yosh guruhlarida temir iste’moli ehtiyojdan past, erkaklarda esa ayniqsa bolalar yosh guruhlarida temir iste’moli yetarli emas. Pirlich imkon qadar xilma-xil va o‘simlik mahsulotlariga boy ovqatlanishni tavsiya qiladi hamda muvozanatli ovqatlanishga qaramay yetishmovchilik yuzaga kelishi mumkinligini ta’kidlaydi. Bunday hollarda qon tahlilidan keyin oziq qo‘shimchalari yetishmovchilikni bartaraf etishga yordam berishi mumkin.





