Mangrov o‘rmonlari 2010-yildan keyin yana kengaya boshladi

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahlili mangrovzorlarda uzoq davom etgan qisqarishdan keyin tiklanish alomatlari paydo bo‘lganini ko‘rsatdi. Maydon o‘sishining katta qismi daraxtlarning yangi hududlarga tarqalishi bilan bog‘liq.

Mangrov o‘rmonlaridagi o‘zgarishni aks ettirgan sun’iy yo‘ldosh tasviri
Matn

Sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlariga asoslangan tadqiqot dunyodagi mangrov o‘rmonlari o‘nlab yillik qisqarishdan so‘ng yana tiklana boshlaganini ko‘rsatdi. Tadqiqotga ko‘ra, 2010-yildan keyin mangrovlar maydoni qariyb 2 ming kvadrat kilometrga kengaygan.

Landsat turkumidagi ilk sun’iy yo‘ldosh 1970-yillarda uchirilganidan keyin olimlar mangrov o‘rmonlarini xaritalashda sun’iy yo‘ldosh suratlaridan foydalana boshladi. Uzoq yillar davomida yig‘ilgan ma’lumotlar asosan bu o‘rmonlar qisqarib, degradatsiyaga uchrayotganini ko‘rsatgan. Science jurnalida chop etilgan yangi tadqiqot esa vaziyat ijobiy tomonga o‘zgara boshlaganini qayd etdi.

Tadqiqotchilar 1984-2023-yillarda olingan Landsat tasvirlarini tahlil qilib, mangrovzorlar maydoni hamda daraxtlar shox-shabbasi zichligidagi o‘zgarishlarni kuzatdi. Natijalarga ko‘ra, 1984-2010-yillarda mangrov o‘rmonlari maydoni qariyb 3 ming kvadrat kilometrga qisqargan. Biroq 2010-yildan so‘ng avvalgi yo‘nalish teskari tomonga o‘zgardi: Osiyo, Avstraliya va Janubiy Amerikadagi kengayish hisobiga umumiy maydon qariyb 2 ming kvadrat kilometrga ortdi.

Tadqiqot hozir ko‘plab mangrov o‘rmonlarida daraxtlarning shox-shabbasi 2010-yildagiga qaraganda qalinroq va o‘zaro zichroq tutashganini ham aniqladi. Bu ekotizimlar holati yaxshilanganini hamda degradatsiya darajasi pasayganini ko‘rsatadi. Bunday o‘zgarish, ayniqsa, Janubiy Amerikada yaqqol kuzatilgan.

AQShdagi Tulane universiteti ekologiya mutaxassisi Zheng Zhang shunday dedi: “Boshqa tadqiqot guruhlari ayrim mintaqalarning xaritalarini tuzib, ulardagi uzoq muddatli o‘zgarishlarni o‘rgangan. Biroq biz ilk bor mangrov o‘rmonlarining shunchalik uzoq davrni qamrab oluvchi global xaritalarini oldik.” Uning so‘zlariga ko‘ra, maydon o‘sishining taxminan uchdan ikki qismi mangrov daraxtlarining yangi hududlarga tarqalishi bilan bog‘liq. Qolgan uchdan bir qismi esa avval degradatsiyaga uchragan maydonlarda o‘rmonlarning tiklanishi va tabiiy ravishda qayta o‘sishiga to‘g‘ri keladi.

Eng sezilarli ijobiy o‘zgarishlarning ayrimlari Janubi-Sharqiy Osiyoda, xususan Birmada (Myanmada) qayd etilgan. Bu yerda mangrov o‘rmonlari 1980-yillar va 1990-yillarda qishloq xo‘jaligi yerlarining kengayishi, akvakulturaning rivojlanishi hamda qirg‘oqbo‘yi hududlarida o‘tin tayyorlash sabab tez qisqargan edi. Tadqiqotga ko‘ra, taxminan 2010-yildan boshlab vaziyat o‘zgardi va mangrovzorlar ko‘plab joylarda yana kengaya boshladi.

LIVEKunning xabarlari