Mirziyoyev va IJF rahbari Oʻzbekiston dzyudosini rivojlantirishni muhokama qildi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer bilan uchrashdi. Muzokaralarda terma jamoaning Los-Anjeles Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarligi va sport infratuzilmasidan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev va IJF prezidenti Marius Vizer uchrashuvi
Matn

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 noyabr kuni Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) prezidenti Marius Vizerni qabul qildi. Marius Vizer mamlakatga dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati munosabati bilan keldi.

Uchrashuvda milliy dzyudo maktabini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish va yosh sportchilarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Tomonlar Toshkent bu sport turining e’tirof etilgan jahon markazlaridan biriga aylanib borayotganini qayd etdi.

So‘nggi 3 yil davomida respublikada 4 mingdan ortiq ishtirokchini birlashtirgan 10 ta xalqaro musobaqa o‘tkazildi. O‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati esa Oʻzbekiston hududida ilk bor tashkil etilmoqda. Marius Vizer mamlakatda sportni ommalashtirish hamda yoshlarni muntazam mashg‘ulotlarga keng jalb etishga qaratilgan islohotlarni yuqori baholadi.

Muzokaralarda Oʻzbekistonda yangi yirik xalqaro turnirlarni tashkil etish, terma jamoani bo‘lajak Los-Anjeles Olimpiya oʻyinlariga tayyorlash, shuningdek sportchilar, murabbiylar va hakamlarni zamonaviy mahalliy sport infratuzilmasi negizida o‘qitish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Sport tibbiyoti sohasidagi hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi.

Dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati 19-22 noyabr kunlari Toshkentdagi Olimpiya shaharchasi arenalarida o‘tkazilmoqda. Musobaqalarda 78 davlatdan qariyb 600 nafar yosh sportchi, shuningdek poytaxtga kelgan yuqori darajadagi xorijiy delegatsiyalar qatnashmoqda.

LIVEKunning xabarlari