Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga ishchi tashrifi doirasida 11 noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) yangi bosh kotibi Mirvohid Azimov bilan uchrashdi.
Muloqotda tashkilot yangi rahbarining ustuvor vazifalari, shuningdek, Oʻzbekiston va TDT o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar 2027 yilda Oʻzbekistonda bo‘lib o‘tadigan tashkilotning navbatdagi sammitiga tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Mirziyoyev tadbirni tashkiliy va mazmun jihatidan yuqori saviyada o‘tkazish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida Prezident Azimovni lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi. Azimovning TDT bosh kotibi lavozimiga nomzodi 30 oktyabr kuni Anqarada o‘tgan tashkilot sammiti ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi. U tayinlovdan oldin Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan, avvalroq esa tashkilot bosh kotibi o‘rinbosari lavozimini egallagan.





