Oʻzbekiston va Daniya hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

Oʻzbekistonning Daniyadagi elchisi Rahmatulla Nurimbetov Kopengagendagi uchrashuvlarda savdo, investitsiya, mehnat migratsiyasi, taʼlim va madaniyat masalalarini muhokama qildi. Tomonlar kelishuvlarni amaliy bosqichga oʻtkazish zarurligini qayd etdi.

Kopengagendagi Oʻzbekiston va Daniya hamkorligi bo‘yicha uchrashuvlar
Matn

Oʻzbekiston va Daniya iqtisodiyot, taʼlim, mehnat migratsiyasi hamda madaniyat sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Oʻzbekistonning Daniyadagi, qarorgohi Stokgolm shahrida joylashgan elchisi Rahmatulla Nurimbetov 19 noyabr kuni Kopengagenda Daniyaning davlat organlari, ishbilarmon doiralari va madaniyat muassasalari vakillari bilan qator uchrashuvlar oʻtkazdi.

Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Løkke Rasmussen bilan muzokaralarda uning 2-3 oktyabr kunlari Oʻzbekistonga qilgan tashrifi yakunlari ijobiy baholandi. Ushbu safar ikki tomonlama munosabatlar tarixida Daniya tashqi siyosat idorasi rahbarining Oʻzbekistonga ilk tashrifi boʻldi. Tomonlar erishilgan kelishuvlarni amaliy roʻyobga chiqarish zarurligini taʼkidlab, investitsiyaviy, tarmoqlararo va texnologik hamkorlikka alohida eʼtibor qaratdi.

Daniya parlamenti Folketing raisi oʻrinbosari Carsten Hønne bilan parlamentlararo aloqalarni, jumladan, “Markaziy Osiyo – Shimoliy mamlakatlar” formati doirasida rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Parlament delegatsiyalari almashinuvini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Daniya sanoat konfederatsiyasi DI vitse-direktori Jens Holst-Nielsen bilan uchrashuvda Daniya kompaniyalarining Oʻzbekistondagi loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekistonning agrosanoat majmuasi, qayta tiklanuvchi energetika, suv xoʻjaligi va sogʻliqni saqlash sohalaridagi investitsiyaviy salohiyati hisobga olingan holda Daniya texnologiyalarini qoʻllash istiqbollari muhokama etildi. DI International Recruitment bo‘linmasi bilan Daniya korxonalarida ishlash uchun oʻrta bo‘g‘indagi oʻzbek mutaxassislarini tashkiliy tartibda ishga qabul qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Travel to Farm kompaniyasi bilan Oʻzbekistondagi agrar oliy taʼlim muassasalari talabalari va bitiruvchilarining Daniya fermer xoʻjaliklarida stajirovka oʻtashi bo‘yicha pilot loyihani birgalikda oʻrganishga kelishildi.

Taʼlim yoʻnalishida Rahmatulla Nurimbetov Daniya Taʼlim vazirligi Oʻrta kasbiy taʼlim markazi departamenti rahbari Kristian Vestergaard Slot bilan uchrashdi. Muzokaralarda malakalarni oʻzaro tan olish, Daniyaning dual taʼlim modelini qoʻllash hamda oʻqituvchilar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi. Oʻzbekistondagi texnik kollejlarda pilot taʼlim dasturlarini ishga tushirish imkoniyati ham koʻrib chiqildi. Daniya Milliy muzeyida Oʻzbekiston merosiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazish, muzeylar va kreativ industriyalar vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi.

LIVEKunning xabarlari