Maktabgacha va maktab ta’limi tizimlari integratsiyasini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida uchinchi o‘qishda qabul qilindi. Hujjatda bir yillik maktabga tayyorlov majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida belgilanishi taklif etilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, bolalarning mazkur tayyorlovdan o‘tish huquqi kafolatlanadi. Mashg‘ulotlarni maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida tashkil etish ham nazarda tutilgan.
Bu maqsadda “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi hamda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi belgilangan. Yangi tartib maktabgacha va maktab ta’limi o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlashga qaratilgan.
Qayd etilishicha, taklif bolalarni maktabga tayyorlash sifatini oshirish va ularning ta’lim olish huquqlarini kafolatlashga xizmat qiladi. Shuningdek, O‘zbekiston ta’lim tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish hamda fuqarolarning xorijda ta’lim olishi uchun qulaylik yaratish ko‘zda tutilgan.




