TDTning 2027-yilgi sammiti O‘zbekistonda o‘tkaziladi

Mirvohid Azimov 11-noyabrdan Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi lavozimiga kirishdi. Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda 2027-yilda O‘zbekistonda bo‘ladigan sammitga tayyorgarlik muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev va TDT bosh kotibi Mirvohid Azimov
Matn

O‘zbekiston vakili Mirvohid Azimov 11-noyabrdan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) bosh kotibi sifatida faoliyat boshladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga amaliy tashrifi doirasida TDTning yangi tayinlangan bosh kotibi Mirvohid Azimovni qabul qildi.

Prezident matbuot xizmati ma’lum qilishicha, uchrashuvda yangi bosh kotib oldida turgan ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, O‘zbekistonning tashkilot bilan ko‘p qirrali hamkorligi hamda uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Mirvohid Azimov joriy yilning 30-oktabrida Anqarada bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammitida bosh kotib etib tayinlangan edi. U mazkur lavozimni egallagan birinchi O‘zbekiston vakili hisoblanadi. Azimov avval O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari va Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Muzokaralarda 2027-yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitiga tayyorgarlik masalasi alohida e’tiborda bo‘ldi. Nufuzli tadbirni yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazish va uning kun tartibini mazmunan boyitish bilan bog‘liq vazifalar muhokama qilindi. Shavkat Mirziyoyev Mirvohid Azimovni yangi lavozim bilan tabriklab, uning bosh kotib sifatidagi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

LIVEKunning xabarlari