AQSh Federal aviatsiya ma’muriyati (FAA) juma kuni mamlakat bo‘ylab aeroportlardan minglab reyslarning uchib ketishini to‘xtatgan umumiy taqiq bekor qilinganini ma’lum qildi. Qaror aloqa tizimidagi nosozlik ortidan qabul qilingan edi. FAA erta tongda yangi ko‘rsatmagacha uchib ketishi kerak bo‘lgan barcha samolyotlar yerda kutib turishi lozimligini bildirgan va cheklov favqulodda holatlar hamda xavfsizlik sabablariga ko‘ra joriy etilganini qayd etgan.
Taqiq bekor qilingan bo‘lsa-da, aviakompaniyalar faoliyati darhol odatiy tartibga qaytishi kutilmayapti. Ko‘plab samolyotlar va ekipajlar rejalashtirilgan joylarida bo‘lmagani uchun qatnov jadvallaridagi uzilishlar saqlanib qolmoqda. Transport vaziri Sean Duffy Oq uyda tiklanish vaqt olishini aytdi. Rasmiylar tizim AQShdagi eng gavjum sayohat davrlaridan biri bo‘lgan 26 noyabrdagi Shukronalik kunidan oldin me’yorga qaytishini kutmoqda.
FlightAware ma’lumotlariga ko‘ra, juma kuni 4 ming 500 dan ortiq, shanba kuni esa qariyb 700 ta reys bekor qilindi. AQSh ichidagi, AQShga kelayotgan yoki AQShdan uchib ketayotgan 10 mingdan ortiq reys ham kechikdi. Duffy uzilish eski aloqa tarmog‘i bilan bog‘liqligini aytib, “Biz eski kommutatorlar, eski marshrutizatorlardan foydalanamiz. 1980-yillardan qolgan mis liniyalarda ishlaymiz. Eski tizimdan foydalanamiz”, dedi.
AQSh ichki xavfsizlik vaziri Markwayne Mullin aloqa tizimidagi muammo kiberhujum yoki sun’iy intellekt oqibati ekanini ko‘rsatadigan hech qanday dalil yo‘qligini bildirdi. Mullin hodisa “hech qachon jamoat xavfsizligini xavf ostiga qo‘ymaganini” aytdi. FAAning parvozlarni to‘xtatish qarori Duffy Kongressdan havo harakatini boshqarish tizimini yangilash va modernizatsiya qilish uchun 30 milliard dollar so‘raganidan bir kun keyin qabul qilindi. Duffy, shuningdek, modernizatsiya uchun 50 milliard dollar so‘rab, Kongressga “Tizimni tuzatishimiz uchun zarur mablag‘ni bering”, deya murojaat qildi.





