BETUL 8 Qora dengizda ag‘darildi, 12 dengizchi qutqarildi

Bolgariya sohillari yaqinida Somali bayrog‘i ostida harakatlangan BETUL 8 yuk kemasining barcha 12 ekipaj a’zosi qutqarildi. Dengizchilar kema ikki dengiz droni hujumiga uchraganini aytdi, biroq bu haqda rasmiy tasdiq berilmadi.

Bolgariya sohillari yaqinida ag‘darilgan BETUL 8 yuk kemasi
Matn

Somali bayrog‘i ostida suzayotgan BETUL 8 yuk kemasi Qora dengizda, Bolgariya sohillari yaqinida ag‘darildi. Bolgariya transport vazirligi 16 noyabr, dushanba kuni bergan ma’lumotiga ko‘ra, kemadagi 12 nafar ekipaj a’zosining barchasi qutqarilgan.

Vazirlik hodisada hech kim og‘ir jarohat olmaganini, ammo dengizchilar qattiq sovqotganini bildirdi. Qutqaruv amaliyotida Turkiyaning sakkiz nafar va Ozarbayjonning to‘rt nafar fuqarosi bo‘lgan jami 12 dengizchi qutqarib olindi.

Amaliyotda to‘rtta kema qatnashdi. Ulardan ikkitasi Bolgariyaga, bittadan kema esa Ruminiya va Turkiyaga tegishli bo‘lgan. BETUL 8 Rumaniyaning Tulcha portidan Misrga 3 ming tonna bug‘doy olib ketayotgan edi.

Kema Kaliakra burnidan qariyb 75 kilometr janubi-sharqda halokat signali yuborgan. Rasmiylar kemaga uchuvchisiz apparatlar zarba bergani haqida hozircha rasmiy ma’lumot yo‘qligini qayd etdi. Qutqarilgan dengizchilar esa Varnada jurnalistlarga kema ikki dengiz droni hujumiga uchraganini aytishdi.

Dengiz xavfsizligiga ixtisoslashgan Diaplous kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, BETUL 8 iyul o‘rtalaridan beri Bolgariya va Ruminiya sohillari yaqinida hujumga uchragan 17-kema bo‘ldi. Noyabr boshidan buyon ushbu sohillar yaqinida kamida 13 savdo kemasi uchuvchisiz apparatlar hujumiga uchragan, oqibatda 30 nafardan ortiq dengizchi halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

Qora dengiz bo‘yidagi ikki mamlakat bu hujumlar bilan Ukrainaga qarshi urushni davom ettirayotgan Rossiya o‘rtasida aloqadorlik borligini bildirgan. Sofiya rasmiylari esa hujumlar ortida aynan kim turganini ko‘rsatadigan bevosita dalillar yo‘qligini ta’kidlagan.

LIVEKunning xabarlari