Soxta shartnomalar sabab 50 dan ortiq o‘zbekistonlikka Xorvatiya ish vizasi berilmadi

Migratsiya agentligi Xorvatiyaga ish vizasi uchun topshirilgan hujjatlarda soxta mehnat shartnomalari aniqlanganini ma’lum qildi. Fuqarolar vositachilarni tanlashda va hujjatlarni tekshirishda ehtiyot bo‘lishga chaqirildi.

Xorvatiya ish vizasi uchun soxta mehnat shartnomalari haqida ogohlantirish
Matn

Migratsiya agentligi soxta mehnat shartnomalari sabab 50 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosiga Xorvatiya ish vizasi berilmaganini ma’lum qildi. Ularning 17 nafari hujjatlarni xususiy bandlik agentliklari orqali topshirgan.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, hujjatlar tekshirilganda arizachilar taqdim etgan mehnat shartnomalari soxta ekani aniqlangan. Natijada barcha arizachilarga viza berish rad etilgan. Xorvatiyaga hamda Shengen hududining boshqa mamlakatlariga kirishni taqiqlash avtomatik tarzda qo‘llanilmasligi, bunday qarorni vakolatli organlar alohida qabul qilishi mumkinligi qayd etildi.

Idora firibgarlar chet elda ishlash istagidagi odamlarni ko‘pincha Telegram, Instagram va WhatsApp orqali topishi haqida ogohlantirdi. Ular yuqori daromad va’da qiladi, til bilish hamda kasbiy tayyorgarliksiz bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etadi, keyin esa soxta shartnomalarni yuborib, pul talab qiladi.

Fuqarolarga vositachilar bilan hamkorlik shartlariga alohida e’tibor berish tavsiya qilindi. Konsalting kompaniyalari hujjatlarni rasmiylashtirishga yordam berishi mumkin, biroq ular mustaqil ravishda chet elga ishga joylashtirishni tashkil etishga haqli emas. Bunday faoliyatni faqat tegishli litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari amalga oshirishi mumkin. Agentlik ish vizasi mavjudligi ish bilan ta’minlanishni o‘z-o‘zidan kafolatlamasligini ham ta’kidladi.

Aldovning oldini olish uchun o‘zbekistonliklarga mehnat shartnomasining haqiqiyligini Migratsiya siyosatini rivojlantirish xalqaro markazi (ICMPD) bilan hamkorlikda tashkil etilgan Migratsiya resurs markazida bepul tekshirtirish taklif qilindi. Maslahat olish uchun +998 90 819-06-25 telefon raqamiga murojaat qilish mumkin. Avvalroq O‘zbekistonda xususiy bandlik agentliklari ustidan nazoratni kuchaytirish rejalashtirilgani xabar qilingan edi.

LIVEKunning xabarlari