Amerika matbuoti xabarlariga ko‘ra, CIA va Milliy razvedka direktori idorasi foydalanadigan kompyuter tarmog‘iga kirib borilgan. Hujum ochiq manbalardan olingan razvedka ma’lumotlarini tahlil qilish tizimiga qaratilgani bildirildi. Ushbu tizimda internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi postlar, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va tijorat ma’lumotlar bazalaridan olingan ma’lumotlar jamlanib, tahlil qilinadi.
Rasmiylar maxfiy hujjatlar saqlanadigan tizimlarga kirish bo‘lmaganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Federal tergov byurosi FBI mamlakat bo‘ylab huquqni muhofaza qiluvchi organlar foydalanadigan Milliy jinoyat axborot markaziga qilingan ehtimoliy kiberhujumni tekshirmoqda. Mazkur bazada qidiruvdagi shaxslar, bedarak yo‘qolganlar, jinoiy o‘tmish va o‘g‘irlangan buyumlarga oid ma’lumotlar bor.
AQSh Moliya vazirligi tarkibidagi Moliyaviy jinoyatlarni tekshirish tarmog‘i ham kiberxavfsizlik buzilishi aniqlanganini e’lon qildi. Tizimlarining bir qismiga ruxsatsiz kirilgan, ehtiyot chorasi sifatida ayrim tizimlar o‘chirib qo‘yilgan.
Yevropada Belgiyaning razvedka xizmati hamda Yevropa Komissiyasining xodimlar va inson resurslari tizimlari nishonga olindi. Shuningdek, 82 munitsipalitet ma’lumotlariga kirib borishga urinish bo‘lgani qayd etildi. Germaniyada mudofaa sanoati korxonalari, Fransiyada supermarketlarning sovitish tizimlari va shaxsiy ma’lumotlar, Gretsiyada esa NATOning Doimiy vakolatxonasi kiberhujumga uchradi.
Kiberhujumchilar FIFAni ham nishonga olgani bildirildi. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, moliyaviy qaydlar va yuridik fayllarni ham o‘z ichiga olgan 12 GBdan ortiq ma’lumot sizdirilgani da’vo qilindi.




