Telegram Android va iOS uchun ilovalarning 13.3-versiyasini chiqardi. Yangilanish ovozli xabar yozilayotganida nutq orqali matn kiritish, qo‘ng‘iroqlardagi jonli subtitrlar va terilgan matnni boshqa tillarga avtomatik tarjima qilish kabi funksiyalarni o‘z ichiga oladi. Bu messenjerning rasmiy saytida e’lon qilinmagan uchinchi yirik yangilanishdir.
Diktovka rejimi foydalanuvchi ovozli xabar yozayotganda uning nutqini matnga aylantiradi, aniqlangan so‘zlar esa kiritish maydonida ko‘rinadi. Qabul qiluvchi ovozli va video xabarlarni yuborishni taqiqlagan bo‘lsa, ushbu rejim avtomatik tarzda foydalanish uchun ochiladi.
Olingan matnni yuborishdan oldin tahrirlash yoki sun’iy intellekt yordamida tanlangan uslubga moslab qayta ifodalash mumkin. Avtomatik subtitrlar standart holatda o‘chirilgan bo‘ladi; ularni qo‘ng‘iroq ekranidagi sozlamalar menyusidan Live Captions bandini tanlab yoqish mumkin.
Bu funksiya ovozli xabarlarni matnga aylantirishda ishlatiladigan ayni nutqni tanish texnologiyalariga tayanadi va ikki foydalanuvchi o‘rtasidagi shifrlangan qo‘ng‘iroqlarda ishlamaydi. Yangilanish, shuningdek, chatlar papkasida o‘qilgan suhbatlarni yashirish filtri, muayyan chatda sun’iy intellekt muharriri orqali real vaqt tarjimasi, Android’da ovozli xabar transkriptlaridagi so‘z va belgilar uchun vaqt belgilari hamda iOS’da sinov rejimidagi yangi profil dizaynini ham o‘z ichiga oladi.





