BMB HOLDING va Tashkent International University o‘rtasida imzolangan memorandum ta’lim tizimi bilan ishlab chiqarish sektori o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Kelishuv malakali mutaxassislar tayyorlash va talabalarning kasbiy imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutadi.
Hamkorlik doirasida BMB HOLDING universitet talabalariga xolding korxonalari va tashkilotlarida ishlab chiqarish amaliyoti hamda stajirovka o‘tash imkoniyatini taqdim etadi. Dual ta’lim dasturlari orqali amaliy tajriba orttirish ham belgilangan yo‘nalishlardan biri bo‘ladi.
Tomonlar xolding mutaxassislari va ekspertlarini ta’lim jarayoniga jalb etish, ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, innovatsion tashabbuslar hamda startap loyihalarga ko‘maklashishni rejalashtirmoqda. Uchrashuvda iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash choralari, jumladan BMB HOLDING grantlarini ta’sis etish imkoniyati muhokama qilindi.
Shuningdek, amaliyot va stajirovka vaqtida o‘zini ko‘rsatgan bitiruvchilar hamda yosh mutaxassislarni ishga joylashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Ta’lim dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish, universitet o‘qituvchilari ishtirokida ilmiy, tahliliy va maslahat xizmatlarini ko‘rsatish, qo‘shma seminarlar, treninglar va konferensiyalar o‘tkazish masalalari ham muhokama etildi.




