O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi ommaviy tadbirlarda xavfsizlik xizmatlari uchun to‘lov joriy etishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqdi. Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida e’lon qilingan loyiha tadbirlarni o‘tkazishga ruxsatnomalar berish va tashrif buyuruvchilarga chipta sotishni elektron shaklga o‘tkazishni qamrab oladi.
Loyiha qabul qilinsa, 100 va undan ortiq kishi ishtirok etadigan ommaviy tadbirlar uchun elektron ruxsatnoma berish, xavfsizlik xizmatlari haqini to‘lash va elektron chipta savdosi tartibga solinadi. Hujjat tadbirlar davomida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarning oldini olishga qaratilgan.
Ichki ishlar vazirligi E-Jamoat Xavfsizligi tizimida e-ommaviy tadbir elektron modulini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Ruxsatnomasiz tashkilotchilarga tadbirni ommaviy axborot vositalari va internetda reklama qilish, shuningdek, unga chipta sotish taqiqlanadi. Ruxsatnomalar aksariyat holatda bir martalik bo‘ladi, biroq bir tashkilotchi ayni joyda konsertlar, teatr tomoshalari va sirk chiqishlarini o‘tkazsa, hujjat 1 yilgacha berilishi mumkin.
Maxsus reyestrdagi obyektlarda o‘tkaziladigan tadbirlar, ko‘chma sirk tomoshalari va saylovoldi tadbirlari uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi. Shu bilan birga, tashkilotchilar boshlanishidan kamida 10 ish kuni oldin vakolatli organni xabardor qilishi kerak bo‘ladi. Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlar, shuningdek to‘ylar, oilaviy hamda yubiley bayramlari qaror doirasiga kirmaydi.
Ommaviy tadbirlarda xavfsizlikni ta’minlash xizmatlarini ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va sog‘liqni saqlash organlari pulli asosda ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan. Birinchi toifadagi tadbirlar qo‘riqloviga Milliy gvardiya, ikkinchi toifadagilariga ichki ishlar organlari jalb etiladi. Bir kishi-soat narxi BHMning 7% miqdorida, ya’ni 30 800 so‘m etib belgilangan; umumiy qiymat kamida bir kishi-soat narxining 50%ini xodimlar soni va tadbir davomiyligiga ko‘paytirish orqali hisoblanadi. Alohida toifadagi tadbirlar, saylovoldi tadbirlari va ko‘chma sirk tomoshalari qo‘riqlovi bepul bo‘ladi.
Loyihada sport musobaqalari, madaniy va ko‘ngilochar tadbirlarga chiptalarni elektron shaklda sotish ham belgilangan. Yangi tizim chiptalarni qayta sotish, qalbakilashtirish va takroran ishlatishning oldini olishi kerak. Fuqarolar oqimini kuzatish va boshqarish, ishtirokchilar sonini hisoblash hamda ortiqcha to‘planishni aniqlash uchun dronlardan foydalaniladi. Vakolatli organlar huzuridagi maxsus komissiyalar rejalashtirilgan tadbir joylaridagi xavfsizlik sharoitlarini baholaydi va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berishi mumkin.





