O‘zbekistonda aholi hayot sifatini oshirish, ta’lim va sog‘liqni saqlashni rivojlantirish, sud tizimini mustahkamlash hamda mahallalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan milliy dasturlar qabul qilindi. Prezident farmoniga ko‘ra, dasturlarning asosiy maqsadlari bilim va ko‘nikmalarni mamlakat rivojining bosh resursiga aylantirish, aholi umr davomiyligini oshirish, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar va mehnatning yuqori unumdorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirishdan iborat.
Ta’lim sohasida olti yoshli bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari bilan to‘liq qamrab olish rejalashtirilgan. Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun amaldagi imtiyozlar saqlab qolinadi. Mamlakatdagi barcha maktablar bosqichma-bosqich ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro dasturlarga ulanadi.
Dasturlarning yana bir vazifasi O‘zbekistondagi kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini yetakchi xalqaro reytinglarning ilk mingtaligiga kiritishdan iborat. Shuningdek, kamida 10 million nafar yoshni raqamli industriya va kelajak kasblariga jalb etish ko‘zda tutilgan.
Sog‘liqni saqlashda davlat xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 5 foizigacha oshirish nazarda tutilmoqda. Kasalliklarning oldini olish va sog‘liqni asrash modeliga o‘tishga alohida e’tibor qaratiladi. Ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni rivojlantirish uchun mamlakatga kamida beshta yetakchi xorijiy klinikani jalb qilish rejalashtirilgan.
Hujjatda qonun ustuvorligi va sudlar mustaqilligini mustahkamlashga ham alohida o‘rin berilgan. Maktabdan boshlab huquqiy savodxonlikni rivojlantirish, kiberjinoyatlar, narkojinoyatlar va odam savdosiga qarshi kurashni kuchaytirish, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish choralarini kengaytirish mo‘ljallangan. Mahallalarning mahalliy masalalarni hal etishdagi rolini kengaytirish, davlat dasturlarini aholi ehtiyojlarini hisobga olgan holda shakllantirish va mahallalar takliflari hamda so‘rovlari bo‘yicha asoslantirilgan qarorlarni 30 kun ichida qabul qilish ham belgilangan.
Bundan avval O‘zbekistondagi 45 ta texnikumda xalqaro kasbiy ta’lim tizimi joriy etilishi ma’lum qilingan edi.





