Qonun loyihasi qayta ishlanishi jarayonida noqonuniy qurilishning har bir kvadrat metri uchun besh bazaviy hisoblash miqdorida qo‘shimcha jarima belgilovchi norma ham chiqarib tashlandi. Avval ushbu sanksiya har kvadrat metr uchun 2,2 million so‘m deb baholangan edi. Deputat Odil Mamadaliyevning aytishicha, 28 sentyabrda qurilish sohasidagi qoidabuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirgan alohida qonun qabul qilingach, bu choradan voz kechilgan.
Uning bildirishicha, ko‘p kvartirali uylarni ruxsatsiz qurish uchun 450 BHMgacha jarima, takroriy qoidabuzarlik uchun esa jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. Qo‘shimcha sanksiya turli qoidabuzarliklarga obyekt maydonidan kelib chiqib bir xil miqdorda qo‘llanishi mumkinligi mutanosib bo‘lmagan jazo va amaldagi ma’muriy hamda jinoiy normalar takrorlanishi xavfini tug‘dirgan.
Qo‘shimcha jarima 2027 yildan amal qilishi kerak bo‘lgan “Birinchi xato uchun ogohlantirish” tamoyiliga ham mos kelmasligi qayd etildi. Yakuniy tahrirda har kvadrat metr uchun besh BHM miqdoridagi qo‘shimcha sanksiya yo‘q, biroq qurilishdagi qoidabuzarliklar uchun boshqa javobgarlik choralari saqlanib qolgan.
Milliy urbanizatsiyani barqaror rivojlantirish va uy-joy bozori qo‘mitasining vakolatlarini aniqlashtirishni ham o‘z ichiga olgan loyiha ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda qabul qilindi. Uni 98 deputat qo‘llab-quvvatladi, 13 deputat qarshi ovoz berdi, 10 deputat ovoz berishda qatnashmadi; hujjat Senat ko‘rib chiqishiga yuborildi.





