SpaceX Starship kemasini havoda ushlab, uchirish minorasiga qaytardi

SpaceX 22 soatlik parvozdan so‘ng Starshipni Texasdagi uchirish minorasida mexanik qo‘llar yordamida ushladi. Kompaniya yuqori qism ilgari okeanga yo‘naltirilganini bildirdi.

Matn

SpaceX Starship kosmik kemasini havoda mexanik qo‘llar bilan ushlab, Texasdagi uchirish minorasiga qaytardi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bunday usul ilk bor qo‘llandi; avvalgi parvozlarda kemaning yuqori qismi okeanga yo‘naltirilgan.

Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi Starshipni 22 soatlik parvozdan keyin Texasdagi uchirish minorasiga muvaffaqiyatli qo‘ndirdi. Kema 13 noyabr kuni kompaniyaning Texasdagi bazasidan uchirilgan, parvoz davomida Yer atrofini 14 marta aylangan va orbitaga 26 ta Starlink sun’iy yo‘ldoshini olib chiqqan.

Shundan keyin Starship Texasdagi start maydoniga qaytdi va mexanik manipulyatorlar yordamida ushlandi. Biroq raketaning quyi qismi — Super Heavy tezlatgichi saqlab qolinmadi. Dvigatellari Yerga qaytish vaqtida juda erta o‘chgach, tizim tezlatgichni avtomatik tarzda suv tomonga yo‘naltirdi va u Meksika ko‘rfazi ustida portladi.

Raketani to‘liq qaytarib olish keyingi parvozlarda undan foydalanish imkonini berishi mumkin. SpaceX avvalgi uch urinishda raketaning quyi qismini ushlagan edi. Kompaniya to‘liq qayta foydalanishga yaroqli raketa yaratishga intilmoqda, qayta ishlatiladigan tezlatgichga ega Falcon 9 esa yiliga 100 martadan ortiq uchiriladi.

Xarajatlarni qisqartirish masalasini SpaceX bu yil ochiq savdoga chiqqanidan keyin kompaniya aksiyadorlari va NASA diqqat bilan kuzatmoqda. Starship muvaffaqiyatlari NASAning 2028 yilda Oyga odam yuborish rejalariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Agentlik ma’muri Jared Ayzekman NASA 2030 yilda Oyga taykonavt yuborishni rejalashtirayotgan Xitoy bilan raqobat sabab shu kabi muddatlarni belgilayotganini aytdi. Jeff Bezosning Blue Origin kompaniyasi ham NASA bilan Oyga qo‘nish apparatini ishlab chiqish bo‘yicha shartnoma tuzgan.

LIVEKunning xabarlari