Shavkat Mirziyoyev «O‘zavtoyo‘l» huzuridagi Ilmiy-amaliy markazda transport-logistika sohasidagi tadbirkorlar bilan o‘tkazgan yig‘ilishda yo‘l qurilishida yangi materiallarni joriy etish masalasini muhokama qildi. Mutasaddilarga polimer bitum va geotekstildan foydalanishni yo‘l qurilishi standartlariga kiritish topshirildi.
Prezidentning ta’kidlashicha, polimer bitumdan to‘g‘ri texnologiya asosida foydalanish yo‘llarning xizmat muddatini 3-4 yilga uzaytirishi mumkin. Bu material issiqqa chidamlilikni oshirishi, ta’mirlash kamroq talab etilishi hisobiga ta’mirlash xarajatlarini kamaytirishi qayd etildi.
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi 2027 yil mart oyidan boshlab 50 ming tonna polimer bitum ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Keyingi dekabr oyi oxirigacha ushbu ko‘rsatkichni kamida ikki baravar oshirib, 100 ming tonnaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Davlat rahbari Urganch-Xiva pullik yo‘lini qurishda O‘zbekistondagi dastlabki holatlardan biri sifatida geotekstil qo‘llanganini ham qayd etdi. U yuklamani bir tekis taqsimlashga yordam beradi, asfalt-beton qoplamasining deformatsiyasini kamaytiradi va uning xizmat muddatini uzaytiradi.
2027 yildan polimer bitum va geotekstildan foydalanish xalqaro ahamiyatdagi yo‘llarni qurish hamda rekonstruksiya qilishda majburiy bo‘ladi. So‘ngra bu talab respublika va mahalliy yo‘llarga ham tatbiq etiladi. Mirziyoyev: “Bizga arzon qurilib, keyin yana byudjetdan pul talab qiladigan yo‘llar emas, balki sifatli va uzoq yillar xizmat qiladigan yo‘llar kerak”, dedi.





