Bahodir Ibragimovich Jo‘rayev «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi etib tayinlandi. U ushbu lavozimda Abdumalik Nazirov o‘rnini egalladi.
Bahodir Jo‘rayev 1966-yil 3-dekabrda Navoiy viloyatida tug‘ilgan. U 1990-yilda Toshkent davlat politexnika institutining elektr stansiyalari yo‘nalishini tamomlagan.
Jo‘rayev 2006–2009-yillarda «O‘zbekenergo» davlat aksiyadorlik jamiyatining «Navoiy IES» ochiq aksiyadorlik jamiyati direktori bo‘lib ishlagan. 2009–2013-yillarda esa Navoiy shahri hokimi sifatida faoliyat yuritgan.
U «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» davlat korxonasi hamda «Issiqlik elektr stansiyalari» aksiyadorlik jamiyatida qator lavozimlarda ishlagan. Jo‘rayev 2023-yil iyulida «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlangan edi.
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari»ga 2025-yil noyabridan Abdumalik Nazirov rahbarlik qilib kelgan. U joriy yil 23-noyabr kuni energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgan.





