Gulf Oil va Toshkent hokimligi yoqilg‘i quyish shoxobchalari bo‘yicha memorandum imzoladi

Toshkent delegatsiyasining Sietlga tashrifi chog‘ida Gulf Oil va AQShning boshqa kompaniyalari bilan memorandumlar imzolandi. Kompaniya avval O‘zbekiston bo‘ylab kamida 100 ta shoxobcha ochish rejasini bildirgan edi.

Toshkent delegatsiyasi va Gulf Oil o‘rtasidagi yoqilg‘i shoxobchalari bo‘yicha muzokaralar
Matn

Toshkent hokimligi Sietlga tashrif doirasida Gulf Oil hamda AQShning boshqa kompaniyalari bilan bir nechta memorandum imzoladi. Poytaxt ma’muriyati matbuot xizmati ma’lum qilishicha, muzokaralarda investitsiya loyihalari, texnologiyalar va madaniyat sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Toshkent hokimi Shavkat Umurzakov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 18-19 noyabr kunlari Amerika tashkilotlari vakillari bilan qator ishchi uchrashuvlar o‘tkazdi. Delegatsiya Greater Seattle Partners rahbari Shannon Braddock bilan hamkorlikda tashkil etilgan, qariyb 20 kompaniya vakillari qatnashgan davra suhbatida ham ishtirok etdi. Unda Toshkent bilan hamkorlik imkoniyatlari va Amerika biznesining shahar loyihalaridagi ishtiroki istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Delegatsiya, shuningdek, “Sietl — Toshkent” qardosh shaharlar uyushmasi rahbariyati bilan muzokara o‘tkazdi. Suhbatlarda shaharlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, madaniy almashinuv va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Vashington shtatida yashayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvda tibbiyot, texnologiyalar va boshqa sohalarga oid takliflar tinglandi; tadbir ishtirokchilaridan biri shaxsiy ma’lumotlarni saqlash standartlarini joriy etish bo‘yicha yechimlarni taqdim etdi.

Gulf vitse-prezidenti Kreyg Kramer fevral oyida kompaniya ikki yil ichida mamlakat bo‘ylab yaqin atrofdagi do‘konlarga ega kamida 100 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasini ochishni rejalashtirayotganini bildirgan edi. Uning aytishicha, kompaniya hokimliklardan qariyb 200 ta amaldagi shoxobchani sotib olish bo‘yicha takliflar olgan. “O‘zbekneftgaz” rahbari o‘rinbosari Abrorjon Xudoyberganov esa oktabr oxiridagi matbuot anjumanida Gulf Oil O‘zbekistonning barcha hududlaridagi yirik yo‘llarni o‘rgangani, shoxobchalar uchun ehtimoliy tugun nuqtalarini belgilagani va loyihaning iqtisodiy samaradorligini hisoblayotganini aytgan edi.

LIVEKunning xabarlari