YTB Oʻzbekiston gidroenergetikasiga 400 million dollar yoʻnaltiradi

Oʻzbekistondagi gidroenergetika loyihalari uchun ustuvor yoʻnalishlarning dastlabki roʻyxati shakllantirildi. Koʻrib chiqilayotgan loyihalarning jami quvvati 500 MVtgacha yetishi mumkin.

YTBning Oʻzbekiston gidroenergetikasiga investitsiyasi
Matn

Yevroosiyo taraqqiyot banki (YTB) Oʻzbekiston gidroenergetikasiga 400 million dollar yoʻnaltiradi. Tomonlar amaldagi gidroelektr stansiyalarini modernizatsiya qilish, yangi quvvatlarni qurish va energetika infratuzilmasini rivojlantirishni qamrab oluvchi ustuvor loyihalarning dastlabki roʻyxatini tuzdi.

Koʻrib chiqilayotgan loyihalarning jami quvvati 500 MVtgacha boʻlishi mumkin. Loyihalar roʻyxati dastlabki xususiyatga ega ekani va keyinchalik aniqlashtirilishi mumkinligi qayd etildi.

Loyihalarni ishlab chiqish uchun bank va Oʻzbekgidroenergo vakillari ishtirokida qoʻshma ishchi guruh tuziladi. Oʻzbekgidroenergo boshqaruvi raisi Islom Abdurahmonovning aytishicha, ishchi guruh tomonlarning tajribasi va resurslarini birlashtiradi, hamkorlik esa moliyalashtirishni jalb qilish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga xizmat qiladi.

Moliyalashtirish bo‘yicha qarorlar tomonlarning ichki tartib-taomillari asosida qabul qilinadi. YTB avval Qirgʻizistondagi 100 MVt quvvatli Kulanak gidroelektr stansiyasi qurilishini 44 million dollar bilan moliyalashtirgan. Bank 2027 yilda Oʻzbekistondagi loyihalarga kamida 500 million dollar yoʻnaltirishni, 2031 yilga borib mamlakatdagi investitsiyalarining umumiy hajmini 3 milliard dollarga yetkazishni moʻljallamoqda.

LIVEKunning xabarlari