Toshkentning Chilonzor tumanidagi Beshyog‘och mahallasida sun’iy ko‘lga ega dam olish hududi barpo etilmoqda. Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, loyiha 1,87 gektar maydondagi ko‘l, ikkita favvora, piyodalar va velosipedchilar uchun yo‘laklarni qamrab oladi.
Loyiha uchun ajratilgan hududning umumiy maydoni 23 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Shundan 18,7 ming kvadrat metr ko‘l uchun mo‘ljallangan. Ko‘l sig‘imi qariyb 37,4 ming kub metr suvni tashkil qilishi kutilmoqda.
Yondosh hudud obodonlashtiriladi va ko‘kalamzorlashtiriladi, buning doirasida 150 ta daraxt hamda buta ekiladi. Ko‘l atrofida umumiy uzunligi 4,6 ming metr bo‘lgan piyoda va velosiped yo‘laklarini barpo etish rejalashtirilgan.
Loyihaning asosiy unsurlaridan biri aylanuvchi qismga ega, balandligi 30 metr bo‘lgan ravoqsimon inshoot bo‘ladi. Uning me’moriy konsepsiyasini ishlab chiqish uchun italiyalik mutaxassislarning dastlabki takliflari o‘rganilib, takomillashtirildi. Lider Prof Proekt loyiha tashkiloti taklif etilgan yechimlarni hudud xususiyatlari va loyiha talablariga moslashtirdi.
Murakkab konstruktiv va mexanik yechimlarni ishlab chiqish uchun xitoylik hamda boshqa xorijiy hamkorlarni jalb etish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda. Dastlabki loyihalash bosqichida ravoq ichiga ikkita lift joylashtirish ehtimoli o‘rganilmoqda. Shahar hokimligi bahosiga ko‘ra, dam olish hududiga kuniga 3 ming nafargacha kishi tashrif buyurishi mumkin, biroq loyiha qiymati va qurilish yakunlanadigan muddat hozircha e’lon qilinmagan.





