Ulushli uy-joy qurilishi bo‘yicha eskrou hisoblari haqidagi loyiha Senatga yuborildi

O‘zbekistonda qurilayotgan uylardagi ulushli ishtirok tizimi uchun yangi qoidalar taklif qilinmoqda. Loyihada xaridorlar mablag‘larini maxsus bank eskrou hisoblarida saqlash nazarda tutilgan.

Ulushli qurilishda eskrou hisoblarini joriy etishga oid qonun loyihasi
Matn

O‘zbekistonda ulushli uy-joy qurilishiga doir yangi qoidalar tayyorlanmoqda. Qonun loyihasiga ko‘ra, qurilayotgan uylardan kvartira sotib olayotgan fuqarolarning mablag‘lari banklardagi maxsus eskrou hisoblarida saqlanadi. Quruvchi ushbu mablag‘larni qurilish yakunlanib, obyekt foydalanishga topshirilgandan keyingina olishi mumkin bo‘ladi. Hujjat 10 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Loyihaga binoan, qurilish kompaniyasi belgilangan talablarni bajargan taqdirdagina xaridorlar mablag‘larini jalb qilishi mumkin. Jumladan, kompaniya Yagona axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tishi, vakolatli bank bilan kelishuv tuzishi va loyiha deklaratsiyasini e’lon qilishi kerak bo‘ladi. Ulushli ishtirok shartnomasi notarial tasdiqlanishi hamda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim. Bu noqonuniy savdolarning va bitta kvartiraning bir necha xaridorga taklif etilishi holatlarining oldini olishga qaratilgan.

Deputatlar loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida qurilayotgan ko‘p kvartirali uylarni o‘rgandi hamda hujjatni ulushdorlar, quruvchilar, devloperlar va bank sektori vakillari bilan muhokama qildi. Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, nafaqat ulushli ishtirok shartnomalari, balki ularga doir barcha o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham notarial tasdiqlanishi kerak bo‘ladi. Ushbu chora shartnoma shartlarini norasmiy qo‘shimcha kelishuvlar orqali o‘zgartirish holatlariga to‘sqinlik qilishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha uy-joy topshirish muddati buzilganida obyektni muammoli deb tan olish uchun yana olti oy kutish talab etilmasligini ham belgilaydi. Quruvchi bunday obyektni faqat kompensatsiya to‘lash orqali tegishli reyestrdan chiqara olmaydi, balki aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishi kerak bo‘ladi. Agar quruvchi mablag‘larni qonunni buzgan holda jalb qilsa, xaridor ularni qaytarishni hamda mablag‘lardan foydalanganlik uchun foizlarni talab qilishi mumkin. Loyihani amalga oshirishda muammo tug‘ilsa, quruvchi yoki bankni almashtirish imkoniyati ham nazarda tutilgan.

Qurilish loyihalari, quruvchilar va ishlar borishi haqidagi ma’lumotlarni ochiq Yagona axborot tizimiga joylashtirish rejalashtirilmoqda. Bu xaridorlarga kvartira sotib olmoqchi bo‘lgan kompaniya va uy haqidagi ma’lumotlarni oldindan tekshirish imkonini beradi. Yangi qoidalar qonun kuchga kirganidan keyin qurilish ruxsatnomasi olingan obyektlarga tatbiq etiladi. O‘tish tartibi avval boshlangan qurilishlarning to‘xtab qolish xavfini kamaytirishga qaratilgan.

Raqobat qo‘mitasi 2026 yilning to‘qqiz oyida qurilish sifati va uy-joylarni topshirishdagi kechikishlar yuzasidan 1,7 mingdan ortiq shikoyat oldi. Idora 132 ta qurilish kompaniyasining shartnomalarini tekshirib, xaridorlar huquqlarini cheklovchi shartlarni aniqladi. Ular orasida bitim bekor qilinganda to‘langan summaning bir qismini ushlab qolish hamda pulni faqat kvartira qayta sotilgach qaytarish kabi shartlar bor edi.

LIVEKunning xabarlari