Mercedes jamoasining italiyalik poygachisi Kimi Antonelli 20 yoshida Formula 1 tarixidagi eng yosh jahon chempioniga aylandi. U Meksika Gran-prisida uchinchi o‘rinni egallab, mavsum yakunlanishidan oldin chempionlikni ta’minladi.
1-noyabr kuni Mexikoda o‘tkazilgan poygadan keyin Antonellining umumiy hisobdagi ustunligi 119 ochkoga yetdi. Qolgan bosqichlarda raqiblari bu farqni yo‘qqa chiqara olmaydigan bo‘ldi. Meksika Gran-prisida Red Bull poygachisi Maks Ferstappen g‘alaba qozondi, birinchi pozitsiyadan boshlagan Ferrari vakili Lyuis Hemilton esa ikkinchi o‘rinni oldi.
Antonelli chempionlikni qo‘lga kiritgan kuni 20 yosh-u 68 kunlik edi. Shu tariqa u germaniyalik Sebastian Vettelning rekordini yangiladi. Vettel 2010-yilda ilk chempionligini 23 yosh-u 134 kunligida qo‘lga kiritgan va shu paytgacha Formula 1 tarixidagi eng yosh chempion bo‘lib kelayotgandi.
Bolonyalik poygachi Italiya tarixida ushbu unvonga sazovor bo‘lgan uchinchi sportchi ham bo‘ldi. Undan avval Juzeppe Farina 1950-yilda, Alberto Askari esa 1952 va 1953-yillarda chempion bo‘lgan. Antonelli 2024-yilda Mercedes jamoasida sinov piloti sifatida ishlagan, 2025-yilgi mavsumni uch podyum, g‘alabasiz va 150 ochko bilan yettinchi o‘rinda yakunlagan. Joriy mavsumda Meksika Gran-prisigacha to‘qqiz poygada g‘alaba qozonib, uch martadan ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egalladi.





