Nvidia asoschisi va bosh ijrochi direktori Jensen Huang kompaniya direktorlar kengashi boshlagan mustaqil tekshiruvni qo‘llab-quvvatlashini hamda jarayonda to‘liq hamkorlik qilishini bildirdi. U Nvidia xodimlariga yuborgan elektron xatida kompaniyani himoya qilish va AQSh milliy xavfsizligini qo‘llab-quvvatlashga qat’iy bel bog‘laganini aytdi.
Huang maktubida oilasi va hamkasblaridan uzr so‘radi. U turmush o‘rtog‘iga sodiq bo‘lmaganini, xatti-harakatlari rafiqasi va farzandlarini ranjitganini, buning hech qanday oqlovi yo‘qligini hamda chuqur afsusda ekanini yozdi. Huang: “Butun hayotim davomida oilam menga mehr va yordam berdi. Ular mening halolligim va sadoqatimga loyiq. Ammo men ularning ko‘nglini qoldirdim va birgalikda qurgan hayotimizga zarar yetkazdim”, dedi.
U Nvidia xodimlari, direktorlar kengashi, kompaniyaning dunyo bo‘ylab hamkorlari va aksiyadorlariga ham murojaat qildi. Huang Nvidia’ga rahbarlik qilish hayotidagi eng katta sharaf ekanini aytib, “Sizlarga xizmat qilish va ishonchingizga munosib bo‘lish mening mas’uliyatimdir. Men bu mas’uliyatni bajara olmadim. Nvidia’ga to‘liq sodiqman va ishonchingizni qayta qozonish uchun ishlayman”, deya ta’kidladi.
Nvidia direktorlar kengashi Huang chet el razvedkasi faoliyatining nishoni bo‘lgani haqidagi so‘nggi xabarlar sabab mustaqil tekshiruv boshlanishini ma’lum qildi. Tekshiruv mustaqil yuridik maslahatchilar ko‘magida mustaqil kengash a’zolaridan iborat qo‘mita tomonidan olib boriladi. Kengash AQShning milliy xavfsizligi ham, Nvidia’ning maxfiy ma’lumotlari ham xavf ostiga qo‘yilganiga ishonish uchun asos yo‘qligini, biroq mavjud barcha ma’lumotlar ko‘rib chiqilishini bildirdi.
Kengash Huang tekshiruvni to‘liq qo‘llab-quvvatlayotgani va hamkorlik qilish majburiyatini olganini qayd etdi, shuningdek, unga hamda rahbariyat jamoasiga ishonch bildirdi. O‘tgan hafta nomi oshkor etilmagan manbalarga tayangan xabarda Huangga yaqin ekani aytilgan xitoylik tadbirkor Alice Huang Pekinga razvedka maqsadida ma’lumot sizdirgani va Nvidia ishlab chiqargan chiplarni Xitoyga yo‘naltirgan bo‘lishi mumkinligi ilgari surilgan edi.





