FCC SpaceXga kosmik ma’lumotlar markazlari uchun ruxsat berdi

AQSh Federal aloqa komissiyasi SpaceXga kosmosdagi ma’lumotlar markazlari loyihasi doirasida bir milliontagacha sun’iy yo‘ldosh uchirishga ruxsat berdi. Dastlabki uchirishlar 2027 yil oxiriga rejalashtirilgan.

SpaceXning kosmik ma’lumotlar markazlari loyihasi uchun FCC ruxsati
Matn

AQSh Federal aloqa komissiyasi (FCC) Elon Muskning SpaceX kompaniyasiga kosmosda ma’lumotlar markazlarini barpo etish rejasi uchun bir milliontagacha sun’iy yo‘ldosh uchirishga ruxsat berdi. FCC saytida e’lon qilingan hujjatga ko‘ra, ruxsat 2040 yilgacha amal qiladi. Musk dastlabki yo‘ldoshlarni 2027 yil oxirida koinotga yuborishni mo‘ljallagan.

FCC raisi Brendan Carr chorshanba kuni AQSh dunyoni “super intellekt davri”ga olib kirayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, AQSh prezidenti Donald Trump sun’iy intellektni ta’riflashda ishlatgan “super intellekt” uchun kosmosdagi ma’lumotlar markazlari “ajralmas” ahamiyatga ega.

SpaceXning Starmind loyihasida sun’iy yo‘ldoshlar ma’lumotlarni ishonchli uzatish uchun past Yer orbitasida bir-biriga yaqin joylashtirilishi rejalashtirilgan. Ma’lumotlar SpaceXning Starlink internet xizmati tarkibida allaqachon kosmosda bo‘lgan yo‘ldoshlar orqali Yerga uzatiladi. AQShning sun’iy intellekt chiplari ishlab chiqaruvchisi Nvidia kosmos uchun maxsus yaratilgan so‘nggi avlod protsessorlarini yetkazib berishi kutilmoqda, boshqa kompaniyalar esa ma’lumotlarni lazer orqali Yerga uzatishni rejalashtirmoqda.

Amerika Astronomiya jamiyati FCC qaroridan “hafsalasi pir bo‘lgani va dahshatga tushgani”ni bildirdi. Jamiyat yirikroq, yorqinroq va soni ko‘proq bo‘lgan yo‘ldoshlar tungi osmonda uzoq vaqt juda yorqin jismlar sifatida ko‘rinishi mumkinligini qayd etdi. Bu holat astronomlar va jamoatchilikning tungi osmonni kuzatish hamda o‘rganish imkoniyatlarini “sezilarli darajada cheklashi” aytildi. Earthjustice ekologik tashkilotidan Jan Hasselman ham yo‘ldoshlar sonining keskin oshishi insonlar hayoti va sayyoraning kelajagiga bevosita ta’sir qilishini aytib, qarorni tanqid qildi.

Musk fevral oyida xAI sun’iy intellekt kompaniyasi bilan SpaceXni kosmosda ma’lumotlar markazlari qurish maqsadida birlashtirdi. U avgustdagi bayonotida dastlabki yo‘ldoshlarni 2027 yilning so‘nggi choragida uchirish, 2028 yilda esa uchirishlar sonini ko‘paytirishni rejalashtirganini ma’lum qilgan. Musk sun’iy intellektning ortib borayotgan energiya ehtiyojini “Yerda insonlar va atrof-muhitga zarar yetkazmasdan qoplab bo‘lmaydi”, degan fikrni ilgari surgan.

Kosmosdagi ma’lumotlar markazlarining muhim afzalliklaridan biri Quyosh energiyasidan uzluksiz foydalanish imkoniyatidir. Google hisob-kitobiga ko‘ra, Quyosh bilan sinxron mos orbitadagi panellar Yerdagiga qaraganda sakkiz baravargacha ko‘proq energiya ishlab chiqarishi mumkin. Biroq yuqori radiatsiya, keskin harorat, kosmik chiqindilar va mikrometeoritlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan zararlar hal etilishi lozim bo‘lgan texnik muammolar sirasiga kiradi. Google va Jeff Bezosning Blue Origin kompaniyasi ham shunga o‘xshash loyihalar ustida ishlamoqda.

LIVEKunning xabarlari