OpenAI Apple’ni yetkazib beruvchilarga bosim o‘tkazishda ayblab, qarshi da’vo kiritdi

OpenAI Apple umumiy yetkazib beruvchilar bilan hamkorlikni cheklashga va muhandislarni yollashga to‘sqinlik qilishga uringanini da’vo qildi. Qarshi da’vo Apple’ning tijorat sirlari bo‘yicha avvalgi da’vosidan keyin berildi.

OpenAI va Apple o‘rtasidagi sud nizosini ifodalovchi tasvir
Matn

OpenAI Apple’ga qarshi da’vo kiritib, kompaniya uning tijorat sirlarini qo‘lga kiritgani hamda apparat ta’minoti yetkazib beruvchilariga kirishini cheklagani haqida iddao qildi. Kaliforniya Shimoliy okrug sudiga taqdim etilgan qarshi da’vo arizasida Apple umumiy yetkazib beruvchilarga OpenAI bilan ishlamaslik uchun bosim o‘tkazgani aytiladi.

Arizada Apple keng qamrovli bandlik cheklovlari orqali OpenAI’ning malakali muhandislarga yetib borishiga ham to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lgani ilgari surildi. OpenAI fikricha, Apple’ning yetkazib beruvchilar va muhandislar ustidan ta’siri raqib xaridorlar hamda ish beruvchilarni bozordan chiqarish maqsadida qonunga xilof tarzda qo‘llanmasligi kerak.

Qarshi da’vo Apple 10-iyul kuni sobiq xodimlari Chang Liu va Tang Yew Tan, shuningdek OpenAI va uning io Products sho‘ba korxonasiga qarshi bergan da’vodan keyin kiritildi. Apple sobiq xodimlar kompaniyaning tijorat sirlari va maxfiy ma’lumotlaridan OpenAI’ning iste’molchi apparatlarini ishlab chiqish ishlarida foydalanganini ta’kidlagan edi.

OpenAI arizasida aytilishicha, 2025-yil dekabrda kompaniyaga qo‘shilgan Apple’ning sobiq xodimi OpenAI’dan ketishidan avval ko‘plab maxfiy hujjatlarni shaxsiy elektron pochta manzili va telefoniga yuborgan. U iyunda Apple’ga qaytgach, iyulda kompaniyaning Osiyo-Tinch okeani hududidagi yuqori lavozimli rahbarlariga taqdimot qilgani, unda OpenAI’ning maxfiy apparat ishlanmalari va hali bozorga chiqmagan mahsulot rejalari haqida ma’lumot bergani iddao qilindi.

Apple iyuldagi da’vosida OpenAI mahsulot dizaynlari, ishlab chiqarish jarayonlari va ta’minot zanjiri strategiyalariga oid tijorat sirlarini olish uchun muvofiqlashtirilgan tarzda harakat qilganini bildirgan. Kompaniya OpenAI apparat strategiyasi o‘g‘irlangan tijorat sirlariga asoslangan va noqonuniy ekanini da’vo qilib, Tang Yew Tan hamda Chang Liu’ga nisbatan ham ayblovlar ilgari surgan edi.

LIVEKunning xabarlari