O‘zbekistonda yaratilgan ekin navlari 2027-yildan Turkiyada sinovdan o‘tkaziladi

O‘zbekistonda yaratilgan mahalliy ekin navlari va duragaylarini 2027-yildan Turkiyada sinash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Turkiya seleksiyasiga mansub yangi navlarni O‘zbekistonda sinovdan o‘tkazish masalalari ham muhokama qilindi.

O‘zbek ekin navlarini Turkiyada sinovdan o‘tkazish bo‘yicha uchrashuv
Matn

O‘zbekistonda yaratilgan mahalliy qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari va duragaylarini 2027-yildan boshlab Turkiyada sinovdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, Turkiya seleksiyasiga mansub yangi ekin navlari va duragaylarini O‘zbekistonda sinash hamda istiqbolli namunalarni ishlab chiqarishga joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi xodimlari 2026-yil 24-27-noyabr kunlari Turkiyada o‘tkazilayotgan GROWTECH EXPO xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda.

Ko‘rgazma doirasida markaz direktori O. Matyoqubov Turkiyaning Pro Gen Seed kompaniyasi hamda “Tashpinar” qishloq xo‘jaligi palatasi mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muloqotlarda Turkiya seleksiyasiga mansub g‘alla, yem-xashak, moyli va dukkakli ekinlarning yangi navlari hamda duragaylarini O‘zbekistonda sinash masalasi muhokama qilindi.

Tomonlar sinovdan o‘tadigan namunalar orasidan istiqbollilarini tanlab olish va ularni kelgusida ishlab chiqarishga keng joriy etish yuzasidan ham fikr almashdi. Shuningdek, 2026-yil oktabr oyida Toshkentda o‘tkazilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti urug‘chilik assotsiatsiyasining (ECOSA) IX xalqaro urug‘chilik kongressi doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosi ko‘rib chiqildi.

Ayni paytda Pro Gen Seed kompaniyasiga tegishli ikkita bug‘doy va bitta arpa navi O‘zbekistondagi nav sinash stansiyalari va uchastkalarida sinovdan o‘tkazilmoqda. Mahalliy o‘zbek navlari va duragaylarini Turkiyada sinash 2027-yildan boshlanishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

LIVEKunning xabarlari