LandSpace fazodan qaytgan to‘qqiz raketa dvigatelini qayta ishlatishga yaroqli deb topdi

LandSpace Zhuque-3 Y2 raketasining birinchi bosqichidan qaytarilgan to‘qqiz TQ-12A dvigateli yer sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tganini ma’lum qildi. Natija avval uchirilgan bosqichni orbital parvozda qayta qo‘llash imkoniyatini yaqinlashtirdi.

Zhuque-3 Y2 birinchi bosqichida ishlatilgan LandSpace TQ-12A dvigatellari
Matn

Xitoyning xususiy kosmik kompaniyasi LandSpace kosmik parvozdan so‘ng Yerga qaytarilgan to‘qqiz raketa dvigateli qayta ishlatishga yaroqli ekanini ma’lum qildi. Kompaniya bayonotiga ko‘ra, Zhuque-3 Y2 raketasining birinchi bosqichida qo‘llangan to‘qqizta TQ-12A kislorod-metan dvigatelining barchasi yerdagi qabul sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan. Bu natija Xitoyni avval uchirilgan raketa bosqichidan orbital parvozda yana foydalanishga yaqinlashtirdi.

TQ-12A dvigatellari 19-avgust kungi parvozda ishlatilgan. Raketaning birinchi bosqichi orbital missiyani bajargach, ochiladigan tayanchlar yordamida quruqlikka qo‘ngan. Bu Xitoy kosmonavtikasi tarixida shu usulda amalga oshirilgan ilk quruqlikka qo‘nish bo‘ldi.

Gansu provinsiyasiga qo‘nganidan keyin dvigatellar navbat bilan yechib olindi hamda texnik xizmat va qayta foydalanishga yaroqliligini tekshirish uchun Chjetszyan provinsiyasining Xuchjou shahridagi LandSpace dvigatel ishlab chiqarish korxonasiga yuborildi. Kompaniya parvozdan keyingi tekshiruvlar dvigatellarning soz holatini tasdiqlagani, olingan ma’lumotlar esa o‘zaro yuqori darajada mos kelganini bildirdi. Uchirishdan oldingi telemetriya ko‘rsatkichlari bilan taqqoslash ularning ish xususiyatlari belgilangan talablarga javob berishini ko‘rsatdi.

LandSpace hisobiga ko‘ra, Zhuque-3 raketasining umumiy ishlab chiqarish qiymatining qariyb 70 foizi birinchi bosqich hissasiga to‘g‘ri keladi, yonilg‘i esa uchirish xarajatlarining atigi 1–3 foizini tashkil etadi. To‘qqiz dvigatelli blokdan qayta foydalanish orbitaga chiqariladigan foydali yukning har bir kilogrammiga to‘g‘ri keladigan xarajatni sezilarli kamaytirishi mumkin. Kompaniya Zhuque-3 yordamida bir kilogramm yukni orbitaga chiqarish qiymatini taxminan 3 000 dollarga tushirishni maqsad qilgan.

LandSpace haqiqiy kosmik parvozda qatnashib, Yerga qaytarilgan TQ-12A dvigatellariga kompleks texnik xizmat ko‘rsatgani va ularni qayta ishga tushirish sinovlaridan o‘tkazganini bildirdi. Taxminan 185 soniya davom etgan olovli sinovlarda dvigatellar turli tortish kuchi darajalarida hamda yonilg‘i komponentlarining har xil nisbatlarida tekshirildi. Kompaniya bu natijani parvozdan qaytgan dvigatellarni tiklash va ulardan takroran foydalanish muhandislik nuqtayi nazaridan mumkin ekanining tasdig‘i sifatida baholadi.

LIVEKunning xabarlari