Pentagon noma’lum uchuvchi jismlar bo‘yicha sakkizinchi hujjatlar paketini e’lon qildi

AQSh Mudofaa vazirligi noma’lum uchuvchi jismlar haqidagi yangi materiallarni maxsus portaliga joylashtirdi. To‘plam 40 matnli hujjat, 3 video va 538 sahifalik hisobotni o‘z ichiga oladi.

Pentagon e’lon qilgan noma’lum uchuvchi jismlar hujjatlari
Matn

Pentagon noma’lum uchuvchi jismlar haqidagi navbatdagi hujjatlar to‘plamini e’lon qildi. AQSh Mudofaa vazirligining maxsus davlat portalida e’lon qilingan sakkizinchi to‘plamga 40 ta matnli hujjat va qoralama hamda 3 ta video kiritilgan.

To‘plamdagi videolardan biri 2020-yilda Yaqin Sharqda tasvirga olingan. Unda AQSh harbiy kemasi yaqinidan uchib o‘tayotgan, kichik va oq rangda qizigan ko‘rinishdagi obyekt aks etgan.

Materiallar orasida 538 sahifalik Ten Month Report hisoboti ham bor. U Bigelow Aerospace Advanced Space Studies kompaniyasi tomonidan Pentagon bilan 2009-yil iyulida tuzilgan shartnoma asosida tayyorlangan. Hujjat Yuta shtatidagi Skinuoker ranchosida yuz bergan anomal hodisalarni o‘rganishga bag‘ishlangan. Mazkur rancho ommaviy madaniyat va ufologiyada paranormal faollik hamda noma’lum uchuvchi jismlar kuzatiladigan asosiy markazlardan biri sifatida keng tanilgan.

Hisobotning mavjudligi avvaldan ma’lum edi, uning norasmiy nusxalari internetda ham tarqalgan. Pentagon esa endi uning mavjudligini ilk bor rasman tasdiqladi. Hisobot mualliflari rancho hududi sensorlar, kameralar va boshqa vositalar yordamida kecha-yu kunduz kuzatilgani natijalari haqida ma’lumot bergan.

Noma’lum uchuvchi jismlar haqidagi hujjatlarni e’lon qilish AQSh prezidenti Donald Trampning ko‘rsatmasi bilan boshlangan. Tramp aprel o‘rtalarida ushbu mavzuga doir “qiziqarli” ma’lumotlarni oshkor qilishga va’da bergan edi.

Pentagon 2026-yil 8-may kuni noma’lum uchuvchi jismlar bo‘yicha dastlabki 162 faylni e’lon qilgan edi. Rasmiylar bu nima ekaniga amerikaliklarning o‘zi xulosa chiqarishini ta’kidlagan. Hujjatlar 1952-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Ular noma’lum uchuvchi jismlarning o‘zga sayyoraliklar bilan bog‘liqligini tasdiqlamaydi, biroq aksariyat holatlarga izoh ham bermaydi. Pentagon yakuniy xulosa chiqarmagan: ko‘plab fayllar faqat maxfiylik nuqtai nazaridan tekshirilgan va chuqur tahlil qilinmagan. Pentagonning 2024-yilgi hisobotida ham o‘zga sayyoraliklar texnologiyasi hamda Yerdan tashqarida hayot mavjudligi tasdiqlangani haqidagi taxminlar rad etilgan edi.

LIVEKunning xabarlari