O‘zbekfilm kino ishlab chiqarishga sun’iy intellektni joriy etadi

O‘zbekfilm 2028-yilgacha O‘zbekiston tarixi, madaniyati va vizual merosiga oid ma’lumotlar bazasini shakllantiradi. Kompaniya huzurida O‘zbekfilm AI Lab laboratoriyasi ham tashkil etiladi.

O‘zbekfilmning sun’iy intellekt asosidagi kino ishlab chiqarish rejasi
Matn

Milliy kino kompaniyasi O‘zbekfilm filmlar ishlab chiqarish jarayoniga sun’iy intellektni joriy etishni boshlaydi. Buning uchun O‘zbekfilm va Raqamli texnologiyalar vazirligi 2028-yilgacha sun’iy intellekt modellari uchun mamlakat tarixi, madaniyati va vizual merosiga oid ma’lumotlar bazasini to‘playdi. Bu chora kino sohasini isloh qilish haqidagi 21-noyabrdagi prezident farmonida belgilangan.

Ma’lumotlar to‘plami muntazam ravishda boyitib boriladi. U bilan O‘zbekfilm huzurida tashkil etiladigan O‘zbekfilm AI Lab laboratoriyasi ishlaydi. Laboratoriya soha uchun mutaxassislar tayyorlashi va sun’iy intellekt yechimlarini film ishlab chiqarishga joriy etishi kerak.

President AI Award tanlovi va Toshkent xalqaro kinofestivalida sun’iy intellekt yordamida yaratilgan filmlar uchun alohida nominatsiyalar paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, Raqamli texnologiyalar vazirligi kino sohasi mutaxassislarini har yili xorijdagi stajirovkalarga yuboradi.

Vazirlik ushbu loyihalar uchun har yili mablag‘ ajratadi. Mablag‘lar sun’iy intellektga asoslangan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi 2025-yil 30-oktabrdagi prezident qarorida nazarda tutilgan manbalardan yo‘naltiriladi. Yanvar oyida Toshkentda birinchi xalqaro sun’iy intellekt filmlari festivali bo‘lib o‘tadi; sovrin jamg‘armasi 100 mln so‘mni tashkil etadi, mualliflarning arizalari 13-dekabrgacha qabul qilinadi.

LIVEKunning xabarlari