O‘zbekistonda «O‘zbekfilm» milliy kinokompaniyasi tashkil etiladi

Kinematografiyada zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish hamda «O‘zbekfilm» milliy kino brendini rivojlantirish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi. Hujjat kino sohasi uchun yangi tuzilmalar va tashkiliy o‘zgarishlarni nazarda tutadi.

Matn

Kinematografiya sohasiga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilish va «O‘zbekfilm» milliy kino brendini yaratishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi. Farmonning asosiy maqsadlari sifatida sohada zamonaviy boshqaruv modelini joriy etish, takrorlanuvchi vakolatlarni maqbullashtirish hamda milliy kinoindustriyani bosqichma-bosqich iqtisodiyotning muhim tarmog‘iga aylantirish belgilandi.

Hujjatda «O‘zbekfilm» milliy kino brendini yaratish va ommalashtirish ustuvor yo‘nalishlardan biri etib ko‘rsatildi. Shuningdek, kino loyihalarini moliyalashtirish, ishlab chiqarish va mualliflik huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq ishlar shu yo‘nalishda olib borilishi nazarda tutilgan.

Madaniyat vazirligi muassisligida «O‘zbekfilm» milliy kinokompaniyasi tashkil etiladi. Madaniyat vazirligining «Qoraqalpoqfilm» davlat muassasasi negizida Milliy kinokompaniya hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi muassisligida «Qoraqalpoqfilm» mas’uliyati cheklangan jamiyati tuziladi.

Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti va bir guruh kinoijodkorlar ishtirokida Kinoshunoslar klubi tashkil etiladi. O‘zbekiston kino arboblari ijodiy uyushmasi hamda O‘zbekiston kino sanoati vakillari uyushmasining oliy organlarini qo‘shib yuborish orqali O‘zbekiston kino sohasi vakillari palatasi tuziladi. Toshkent shahrida bolalar kinoijodkorligi maktabi va platformasi ham tashkil etilishi belgilangan.

LIVEKunning xabarlari