O‘zbekiston Shanxaydagi CIIE ko‘rgazmasida eksport salohiyatini namoyish etdi

O‘zbekiston delegatsiyasi Shanxayda bo‘lib o‘tgan 9-CIIE doirasida mamlakatning sanoat va eksport imkoniyatlarini taqdim etdi. Muzokaralarda elektron savdo, logistika, transchegaraviy to‘lovlar hamda qo‘shma investitsiya loyihalari muhokama qilindi.

Shanxaydagi CIIE ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy paviloni
Matn

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lum qilishicha, vazir o‘rinbosari Ilzat Kasimov boshchiligidagi delegatsiya 5–10 noyabr kunlari Shanxayda o‘tkazilgan 9-Xitoy xalqaro import ko‘rgazmasida (CIIE) ishtirok etdi. Delegatsiya tadbir doirasida mamlakatning eksport imkoniyatlariga oid uchrashuvlar o‘tkazdi.

O‘zbekiston milliy pavilonida mamlakatning sanoat hamda eksport salohiyati namoyish qilindi. Asosiy e’tibor mahalliy mahsulotlarni Xitoy bozoriga ilgari surish va ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishga qaratildi.

Delegatsiya Alibaba, Hema, Dewu, Xiaohongshu va UnionPay vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvlarda elektron savdoni rivojlantirish, o‘zbek mahsulotlarini xalqaro savdo platformalari orqali ilgari surish, logistika va transchegaraviy to‘lovlar masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Xitoy kompaniyalari va ishbilarmon doiralar birlashmalari bilan muzokaralar olib bordi. Tomonlar o‘zaro savdoni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

LIVEKunning xabarlari