Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Polsha Prezidentining Markaziy Osiyo boʻyicha maslahatchisi Radoslaw Gruk boshchiligidagi Polsha delegatsiyasi bilan uchrashdi. Senat matbuot xizmatiga ko‘ra, uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Oʻzbekiston va Polsha munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Polsha Yevropa Ittifoqidagi Oʻzbekistonning muhim hamkorlaridan biri ekani qayd etildi. Ikki tomonlama munosabatlarning rivoji Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash omili sifatida ham baholandi.
Uchrashuv ishtirokchilari muntazam parlamentlararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, parlamentlararo hamkorlik guruhlari va tegishli qo‘mitalar faoliyatini faollashtirish zarurligini ta’kidladi. Hududiy vakillik organlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Qo‘shma ishlarni tizimlashtirish uchun 2027-2028-yillarga mo‘ljallangan parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasini tayyorlash taklif qilindi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Polsha o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligiga bag‘ishlab 2027-yilda qo‘shma parlament forumini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.
Iqtisodiy yo‘nalishda transport-logistika hamkorligi imkoniyatlari, o‘zbek mahsulotlarini Yevropa bozorlariga olib chiqishga ko‘maklashish va turizmni rivojlantirish muhokama qilindi. Ta’lim, fan va madaniyat sohalarida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida sheriklik o‘rnatish, talabalar hamda o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Tomonlar 2027-yilda Oʻzbekiston va Polsha madaniyati kunlarini o‘tkazishni ham taklif etdi.





