O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi — O‘zLiDeP dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan kongressida partiyaning mafkuraviy qarashlarini zamon talablariga moslashtirish va yangi siyosiy dastur ishlab chiqish masalalarini muhokama qiladi. Partiya an’anaviy elektorati bilan bir qatorda boshqa ijtimoiy qatlamlar manfaatlarini ham kengroq ifodalashni rejalashtirmoqda.
Navbatdagi kongressga tayyorgarlik doirasida Andijon, Surxondaryo, Navoiy, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida partiya hududiy kengashlarining konferensiyalari bo‘lib o‘tdi. Ularda partiyaning kelgusi faoliyatidagi ustuvor yo‘nalishlar, mafkuraviy qarashlarni takomillashtirish, yangi siyosiy dastur ishlab chiqish va elektorat doirasini kengaytirish muhokama qilindi.
O‘zLiDeP shu paytgacha asosan liberal g‘oyalar, tadbirkorlik va xususiy mulk manfaatlarini himoya qilib kelgan. Endilikda partiya madaniyat, sport va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda ularning manfaatlarini ifodalashni rejalashtirmoqda.
Partiyaning yangi siyosiy dasturida yuqori texnologiyali va kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, suv resurslari va tabiatni asrash, tadbirkorlik muhitini yaxshilash, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, investitsiyalarni jalb qilish, mahallalarni rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish kabi yo‘nalishlarni aks ettirish ko‘zda tutilgan. Hududiy konferensiyalarda quyi bo‘g‘inlar faolligini oshirish, mahalliy kengash deputatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, tadbirkorlar va fermerlarning murojaatlariga yechim topishda deputatlar mas’uliyatini kuchaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.





