Liviyaning sharqini nazorat qilayotgan harbiy kuchlar qo‘mondoni Xalifa Haftar chorshanba kuni Anqarada Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan uchrashdi. Haftarning Turkiyaga ilk rasmiy tashrifi bo‘lgan bu muloqot Liviya ichki urushi davrida qarama-qarshi tomonlarda turgan Anqara va Haftar o‘rtasidagi munosabatlar yaqinlashayotganini ko‘rsatdi. Erdo‘g‘on devoni yopiq eshiklar ortida o‘tgan uchrashuv mazmuni haqida batafsil ma’lumot bermadi.
Haftar Erdo‘g‘on bilan uchrashuvidan avval Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan, Milliy mudofaa vaziri Yashar Gyuler va boshqa rasmiylar bilan uchrashdi. Delegatsiya tarkibida uning o‘g‘li Saddam Haftar ham bo‘ldi. Haftar devoni muzokaralarda mintaqaviy va xalqaro voqealar, shuningdek, o‘zaro manfaatli masalalar ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi.
Haftar devoni bayonotiga ko‘ra, tomonlar “ikki mamlakatning umumiy manfaatlariga xizmat qiladigan tarzda turli sohalarda Liviya va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish yo‘llarini ko‘rib chiqdi”. Saddam Haftar uchrashuvlarni ishonchni mustahkamlash yo‘lidagi “muhim qadam” deb atadi. U bu aloqalar Liviyaning sharqi va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarda “yangi davr uchun zamin hozirlayotgani”ni bildirdi.
Tashrif Sharqiy O‘rtayer dengizidagi muvozanat nuqtai nazaridan ham ahamiyatga ega. Haftar nazoratidagi Liviya Vakillar palatasi oktabrda Turkiya va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tan olgan Tripoli markazidagi Liviya Milliy kelishuv hukumati o‘rtasida 2019 yilda imzolangan dengiz hududlarini chegaralash to‘g‘risidagi memorandumni yetti yildan keyin tasdiqladi. Haftar ma’muriyati avval bu kelishuvga qarshi chiqqan va uni boykot qilgan edi. Memorandum Gretsiya, Janubiy Kipr, Misr va Yevropa Ittifoqining e’tiroziga sabab bo‘lgan, Yevropa Ittifoqi esa u uchinchi mamlakatlarning suveren huquqlarini buzishi mumkinligini bildirgan.
Anqaradagi uchrashuv Ukraina uch kun avval Bingazi yaqinida ikki Rossiya kemasiga hujum uyushtirganidan keyin bo‘lib o‘tdi. Ukraina yakshanba kungi hujumda Rossiyaning Merkury korveti Bingazi portida portlab cho‘kkanini, quruq yuk kemasi ham nishonga olinganini ma’lum qilgan edi. Hujumlar uchun mas’uliyatni zimmasiga olgan Kiyev ma’muriyati kemalarda qurol tashilganini ilgari surdi. Bu holat Liviyada yangi keskinlik yuzaga kelishi haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi.
Kaddafiy 2011 yilda ag‘darilgani va 2014 yilda to‘qnashuvlar qayta boshlangani ortidan Liviya siyosiy jihatdan bo‘lingan. Abdulhamid Dbayba boshchiligidagi Tripoli markazidagi Milliy birlik hukumati mamlakat g‘arbida faoliyat yuritadi, sharqda esa Haftar qo‘llab-quvvatlaydigan raqib boshqaruv mavjud. Turkiya har ikki tomon bilan muloqotni davom ettirmoqda. Erdo‘g‘on 8-9 dekabr kunlari Tripolida o‘tkaziladigan Turkiya-Afrika hamkorlik sammitida qatnashish uchun 15 yildan so‘ng Liviyaga borishi kutilayotgani aytilmoqda.





