O‘zbekiston va Qirg‘iziston qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Tomonlar kartoshka yetishtirish, urug‘chilik va chorvachilik bo‘yicha qo‘shma loyihalarni rivojlantirish, shuningdek, agrar sohaga investitsiyalarni jalb etish va raqamli texnologiyalarni joriy qilish masalalarini muhokama qildi.
Bu masalalar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari, suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Erlis Akunbekov uchrashuvida ko‘rib chiqildi.
Kartoshkachilik uchrashuvdagi asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘ldi. Tomonlar tajriba almashish, hosildorlikni oshirish va urug‘chilikni rivojlantirishni muhokama qildi. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan zamonaviy raqamli yechimlarni tatbiq etish masalasi ham ko‘tarildi.
Chorvachilik ham istiqbolli hamkorlik yo‘nalishi sifatida baholandi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, naslchilik ishlarini takomillashtirish hamda chorva boqishda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar yakunida investitsiyalarni jalb etish va qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Biroq sarmoya miqdori, loyihalarni boshlash muddatlari va yangi kelishuvlar haqida aniq ma’lumot berilmadi. Avvalroq ikki mamlakat o‘zaro savdo aylanmasini 3 milliard dollarga yetkazishni mo‘ljallagani xabar qilingan edi.





