Paragvayda Ueno Bank bilan aloqalari ortidan yuzaga kelgan bank mojarosi prezident Santyago Peniya lavozimidan olinishi bilan yakunlandi. Senat juma kuni Peniya vakolatlarini tugatish uchun bir ovozdan ovoz berdi. Senat raisi Basilio Nunes Peniya o‘z vazifasini “yomon bajarganini” bildirdi. Lavozimidan olingan prezident qarordan so‘ng darhol uy qamog‘iga joylashtirildi.
Senat Peniya o‘rniga uning o‘rinbosari Pedro Allianzani prezident etib tayinladi. Alliana bank mojarosidan zarar ko‘rganlarni “tashlab qo‘ymaslik” majburiyatini oldi. U moliyaviy qulash sabab og‘ir davrni boshdan kechirayotgan fuqarolarga to‘liq tovon puli berilishini ham va’da qildi.
Inqiroz markazidagi Ueno Bank boshqaruviga kapital yetishmovchiligi sabab seshanba kuni Paragvay Markaziy banki tomonidan vasiy tayinlandi. Aholisi qariyb 6,5 million bo‘lgan mamlakatda bankning taxminan 3 million mijozi bor. Xabarga ko‘ra, mijozlar seshanba kunidan buyon o‘z mablag‘lariga kira olmayapti, ko‘plab kompaniyalar, pensiya jamg‘armalari va davlat muassasalari ham voqealardan ta’sirlangan.
Peniya o‘tgan yilgacha internet orqali xizmat ko‘rsatadigan bankni nazorat qilgan kompaniyalar guruhida ulushga ega edi. Shu sabab deputatlar uni Ueno Bank masalasida aybdorlik va manfaatlar to‘qnashuvida ayblamoqda. Bosh prokuratura bank nazorati hamda bankka kiritilgan davlat mablag‘lari yuzasidan tergov olib borilayotganini ma’lum qildi. Tergov uchun mas’ul prokuror Silvia Margarita Gonsales Vester Peniya shanba kuni ishonchni suiiste’mol qilish, davlat mablag‘larini o‘zlashtirish va ta’sirdan foydalanish gumoni bilan so‘roqqa chaqirilishini bildirdi.
Qaror e’lon qilingach, Kongress binosi oldida to‘plangan yuzlab odamlar Peniya lavozimidan olinishini nishonladi. Peniya uyi oldida namoyish qilgan mahalla aholisi esa sobiq prezidentning hibsga olinishini talab qildi. Peniya bank qulaganidan keyin payshanba kuni iste’fo berishni taklif qilgan edi, biroq parlament lavozimidan chetlatish jarayonini davom ettirdi. Jarayon yakunida 47 yoshli Peniya jinoiy daxlsizligini yo‘qotdi.





