Samarqand shahrida 5–6 noyabr kunlari xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan ilk ShHT+ ekspertlar muloqoti bo‘lib o‘tadi. Tadbirda 24 davlatdan 33 delegatsiya, shuningdek, beshta xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Tadbirga O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati rahbari, general-polkovnik B. Qurbonov raislik qiladi. Muloqotda ShHTga a’zo davlatlar, kuzatuvchi mamlakatlar va muloqot bo‘yicha hamkorlarning maxsus xizmatlari rahbarlari hamda vakillari qatnashadi.
Uchrashuvning asosiy mavzusi raqamli transformatsiya sharoitida terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashdan iborat bo‘ladi. Ishtirokchilar ilg‘or texnologiyalar va sun’iy intellektning zamonaviy tahdidlar hamda xavf-xatarlarga ta’sirini muhokama qiladi.
Muzokaralar yakunida xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi hamkorlikning aniq vazifalari hamda ustuvor yo‘nalishlarini belgilash rejalashtirilgan. Ushbu formatni yo‘lga qo‘yish tashabbusini Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yilda ShHTning Ostona sammitida ilgari surgan, 2025-yilda Tyanszinda o‘tgan sammitda esa ilk muloqotni Samarqandda tashkil etish taklif qilingan.





