Raqobat qo‘mitasi Uchkurgan Textile tomonidan Uztex Group aksiyalarining 100 foizini sotib olishga rozilik berdi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, iqtisodiy konsentratsiya bo‘yicha ariza Maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqildi va bitim raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi aniqlangan.
Ariza bergan Uchkurgan Textile paxta tolasini tayyorlash va uni yigirish sohasida ishlaydi. Namangan viloyatining Uychi tumanida 2013 yilda tashkil etilgan korxona paxta ip-kalavasi ishlab chiqaradi hamda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalari uyushmasi Uztextilprom tarkibiga kiradi.
Uchkurgan Textile ustav fondi 40 mlrd so‘mni tashkil etadi. Uning yagona muassisi sifatida Akmal Bahodirovich Zaxidov, rahbari sifatida esa Adiljon Tojidinovich Jo‘rayev qayd etilgan. Trikotaj kiyimlar ishlab chiqaruvchi Uztex Group 2010 yilda tashkil etilgan bo‘lib, ustav fondi 300,56 mlrd so‘mga teng. Kompaniyaning hozirgi yagona aksiyadori Farhod Faxritdinovich Mamatjonov hisoblanadi.
Qo‘mita iyul oxirida Uztex guruhi tomonidan Zarofattex kompaniyasini qo‘shib olishni ham ma’qullagan edi. Avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda InfinBankning majoritar aksiyadori va Uztex Group asoschisi Farhod Mamatjonov 200 mln dollar investitsiya jalb etish uchun Qo‘mitaning xulosasini tezkor olishga ko‘mak so‘ragan. Davlat rahbari masalani shaxsiy nazoratiga olganidan so‘ng, monopoliyaga qarshi organ raqobat muhiti uchun xavf yo‘qligini belgilab, iqtisodiy konsentratsiyaga dastlabki rozilik bergan.





