Yomg‘irli ob-havosi bilan tanilgan Angliya iqlim o‘zgarishi ta’siri va suvga talab ortishi sharoitida qurg‘oqchilik xavfiga qarshi yangi infratuzilma loyihasini amalga oshirmoqda. Mamlakatda 30 yildan ortiq vaqt ichida ilk yirik chuchuk suv ombori bunyod etilmoqda. Loyiha qish oylaridagi ortiqcha suvni to‘plab, quruq davrlarda undan foydalanishni nazarda tutadi.
Angliyaning janubiy sohilida, Portsmouth porti yaqinida joylashgan Havant Thicket loyihasi yakunlangach, omborda 8,7 milliard litr suv saqlanishi ko‘zda tutilgan. Bu hajm yuz minglab kishining suvga bo‘lgan ehtiyojini qoplashga xizmat qilishi rejalashtirilmoqda. Qiymati 800 million funt sterling bo‘lgan obyekt 2032 yoki 2033 yilda ishga tushirilishi kutilmoqda.
Angliyada yozda rekord darajadagi issiq kuzatildi, qish kelishi bilan esa yog‘ingarchilik yana qaytdi. Shunga qaramay, ayrim hududlarda qurg‘oqchilik davom etmoqda. Angliya Atrof-muhit agentligi ma’lumotiga ko‘ra, noyabr o‘rtalariga kelib mamlakatning deyarli barcha qismida qurg‘oqchilik saqlanib qolgan, ayrim hududlar esa “kuchli qurg‘oqchilik” toifasiga kiritilgan. Chuchuk suv zaxiralari to‘lish darajasi 60 foiz ekani, bu mavsumiy me’yordan 19 band pastligi qayd etilgan.
Reading universiteti vakili Hannah Cloke AFPga bergan izohida shunday dedi: “Buyuk Britaniyada suv xavfsizligi bilan bog‘liq tobora kuchayib borayotgan muammolarga duch kelmoqdamiz. Bu suvni qanday saqlashimiz haqida jiddiy o‘ylashimiz kerak, chunki vaziyat yomonlashadi.” Aholi sonining o‘sishi hamda ma’lumotlar markazlari kabi ko‘p suv sarflaydigan tarmoqlarning kengayishi suvga talabni oshirayotgan omillar qatorida ko‘rsatilmoqda. 2025 yilda e’lon qilingan Milliy suv resurslari doirasiga ko‘ra, resurslarga bosim kuchayishi sabab mamlakat 2055 yilga borib kuniga 5 milliard litr suv tanqisligiga duch kelishi mumkin.
Havant Thicket loyihasini qurish va boshqarishni zimmasiga olgan Portsmouth Water kompaniyasi bosh direktori Bob Taylor ketma-ket qurg‘oqchiliklar va issiq yozlar muammoning ko‘lamini ko‘rsatganini bildirdi. Uning aytishicha, yog‘ingarchilik endi yil davomida bir tekis taqsimlanmayapti: qishlar namroq, yozlar esa tobora quruqroq bo‘lmoqda. Taylor, “Suv omborlarisiz bu kuchli yog‘ingarchilikni to‘plab, keyin foydalanish uchun saqlab qololmaysiz”, deb ogohlantirdi.
Havant Thicket mamlakatdagi muhim suv saqlash loyihalaridan biri bo‘lib, hukumat 2050 yilgacha to‘qqizta yirik suv ombori qurilishini ma’qullagan. Ularning barchasi amalga oshirilsa, kuniga qo‘shimcha 670 million litr suv yetkazib berilishi mumkin. Cloke esa loyihalarning yakunlanishi o‘nlab yillar olishi mumkinligini aytib, yomg‘ir suvini yig‘ish, qayta foydalanish, suv sarfini kamaytirish va eskirgan infratuzilmani yangilashni birlashtirgan kengroq yondashuv zarurligini ta’kidladi.





