Afgʻoniston Koʻshtepa kanali qurilishining ikkinchi bosqichini yakunlash arafasida turib, Amudaryodan suv olishni boshlashga tayyorlanmoqda. Afgʻoniston Milliy taraqqiyot korporatsiyasi (NDC) ikkinchi bosqichdagi yer ishlari 99 foiz bajarilganini bildirdi. NDC vakili Nabiulloh Argandival korporatsiya yaqin orada Amudaryo suvini bosh suv olish inshooti va asosiy kanalga yoʻnaltirishni rejalashtirayotganini aytdi.
Bosh suv olish inshooti qurilishi davom etmoqda, loyiha ijrosi esa korporatsiya nazoratida ekani qayd etildi. Shu bilan birga, 47 ta ko‘prik hamda suv oqimini tartibga soluvchi inshootlar bunyod etilmoqda. Afgʻon tomoni suv berish boshlanadigan aniq muddatni, rejalashtirilgan suv olish hajmini va Amudaryoning quyi oqimidagi davlatlar bilan kelishuvlar bor-yoʻqligini maʼlum qilmadi.
Dastlabki baholashlarga ko‘ra, kanalning o‘tkazish quvvati soniyasiga qariyb 650 kub metrni tashkil etadi. Oʻzbekiston suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamrayev avvalroq bu ko‘rsatkichni soniyasiga 450–500 kub metr deb baholagan edi. Kanal 500–600 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlarini sugʻorishga xizmat qilishi kutilmoqda. Afgʻoniston rasmiylari ekin maydonlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishini kengaytirish, ish o‘rinlari yaratish hamda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari importiga qaramlikni kamaytirishni ko‘zlamoqda.
Hamrayev 19 noyabrdagi matbuot anjumanida Koʻshtepa kanali orqali Amudaryodan to‘liq hajmda suv olish 2030 yilgacha boshlanmasligini aytgan edi. Vazir Toshkent va Kobul transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish masalalari bo‘yicha doimiy muloqot olib borayotganini bildirdi. Afgʻoniston shimolida 2022 yilda boshlangan 285 kilometrlik loyiha uch bosqichga bo‘lingan bo‘lib, uning dastlabki 108 kilometrlik qismi 2023 yil oktyabrda yakunlangan. Loyiha Amudaryo oqimining bir qismini Balx, Juzjon va Faryob viloyatlaridagi ekin maydonlariga yoʻnaltirishni nazarda tutadi.





