COP31 loyihasi: qazilma yoqilg‘i va moliyalashtirish bo‘yicha kelishmovchilik saqlanmoqda

Turkiya va Avstraliya hamraisligidagi COP31 muzokaralarida e’lon qilingan yangi loyiha davlatlar o‘rtasidagi tafovutlarni kamaytirishga qaratilgan. Biroq qazilma yoqilg‘idan voz kechish va iqlim moliyalashtirishi masalalari hanuz ochiq qolmoqda.

COP31 muzokaralarida e’lon qilingan yangi bitim loyihasi
Matn

20 noyabr, juma kuni yakunlanishi kerak bo‘lgan BMTning COP31 iqlim konferensiyasida muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolganidan keyin uzaytirilgan jarayonda ham kechikishlar yuz berdi. Turkiya va Avstraliya hamraisligida o‘tayotgan muzokaralarda mamlakatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etishi kutilayotgan yangi bitim loyihasi yakshanbaga o‘tar kechasi e’lon qilindi. Davlatlar mazkur matnni qabul qilishi yoki qilmasligi yakshanba kuni ertalabgi yalpi majlisda muhokama qilinadi.

Yangi loyihada “qazilma yoqilg‘idan voz kechish” iborasi yana ochiq shaklda kiritilmadi. Ayrim mamlakatlar avvalroq muzokaralarni davom ettirish uchun aynan shu masalani shart sifatida qo‘ygan edi. Shunga qaramay, matnda davlatlarning uch yil avval shu yo‘nalishda bergan majburiyati e’tirof etilgan. COP31 prezidenti Murat Kurum kelishuvda siljish bo‘lishidan “umidli” ekanini aytdi va delegatlarga: “Ushbu qarorni diqqat bilan ko‘rib chiqishingizni so‘raymiz. Qolgan masalalar bo‘yicha kelishuvga har qachongidan ham yaqinmiz”, dedi.

Yevropa Ittifoqi va Tinch okeani mamlakatlari loyihadan qazilma yoqilg‘iga oid iboralar chiqarib tashlanishiga qarshi edi. Saudiya Arabistoni boshchiligida mazkur iborani olib tashlash uchun bosim kuchayganidan so‘ng Panama, Solomon orollari, Kot-d’Ivuar va Yevropa Ittifoqi vazirlari qazilma yoqilg‘idan voz kechish bo‘yicha majburiyat yakuniy bitimga qayta kiritilishi uchun harakat qildi. Panama atrof-muhit vaziri Xuan Karlos Navarro qazilma yoqilg‘i tilga olinmagan COP yoki yakuniy qaror qabul qilinmasligini bildirdi. Tuvalu iqlim vaziri Maina Talia esa bu masala mamlakati uchun “qizil chiziq” ekanini aytdi.

Loyihada iqlim inqiroziga moslashayotgan zaif mamlakatlarga yordam beradigan moliyalashtirish bo‘yicha aniq maqsad ko‘rsatilmagan. Bu Afrika guruhi avval tanqid qilgan masalalardan biri edi. Hujjat, shuningdek, dunyo haroratining o‘sishini 1,5°C dan pastda ushlab turish maqsadiga erishilmayotganini ilk bor tan oladi. Rasmiy nomi Antalya kelishuvi bo‘lgan bitim Parij iqlim kelishuvida belgilangan ushbu maqsadga erishilmaganini tan olgan birinchi iqlim bitimi bo‘lishi mumkin. Agar davlatlar kelisha olmasa, muzokaralar kelasi yilgacha to‘xtatib turilishi mumkin.

LIVEKunning xabarlari